Arnasoyda noyob qushni vaxshiylarcha o‘ldirgan ovchi ushlandi

Saqlash
14:05 / 03.02.2023 1839 0

O'zbekiston “Qizil kitobi”ga kiritilgan pushti saqoqushni o‘ldirgan “ovchi” topildi.

 

Tabiat resurslari vazirligi tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda saqoqushning ovlangani yuzasidan tarqalgan videotasvirda ko‘rsatilgan hudud va fuqaro shaxsini aniqlash ishlari olib borilayotgani haqida xabar berilgan edi.

 

Vazirlikning “Aydar-Arnasoy” ko‘llar tizimi bo‘limi davlat inspektorlari hamda ichki ishlar xodimlari hamkorligida olib borilgan tezkor tadbirda holat Jizzax viloyatining Arnasoy tumanida joylashgan ko‘lda sodir bo‘lgani va fuqaro E.D. bir bosh saqoqush (pelikan)ni qarmoq yordamida ushlab, nobud qilgani aniqlangan. Holat joriy yilning 31-yanvar kuni sodir etilgan.

 

Mazkur holatda O‘zbekiston Respublikasining “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi hamda “Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida” gi qonunlari talablari buzilgan.

 

“Saqoqush (pelikan) O‘zbekiston Respublikasi “Qizil Kitobi”ga kiritilgan tur bo‘lganligi sababli huquqbuzarga nisbatan qonuniy chora ko‘rish va hayvonot dunyosiga yetkazilgan zararni undirish maqsadida to‘plangan hujjatlar tegishli huquq-tartibot organlariga taqdim etildi”, – deyiladi xabarda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//