Alifbodagi «sh» va «ch» hamda «o‘» va «g‘» harflarini «ş», «ç», «õ» va «ḡ» shaklida o‘zgartirish taklifi tilshunos olimlar tomonidan ma’qullandi

Saqlash
16:24 / 14.11.2021 1129 0

12-noyabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida o‘zbek tilshunos olimlarining «Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida»gi Qonuniga o‘zgartirishlar kiritish haqida»gi Qonun loyihasi bo‘yicha yakuniy yig‘ilishi o‘tkazilgan.

Manbaning ta’kidlashicha, kechagi uchrashuv alifbo islohoti bo‘yicha olimlarning yakuniy va hal qiluvchi yig‘ilishi maqomida o‘tgan. Ya’ni unda kelishilgan qarorlar endilikda qonunchilik palatasiga ko‘rib chiqish va qonun sifatida ma’qullash uchun kiritiladi.

«Bizga yig‘ilish avvalida ishchi guruh a’zolari tomonidan ishlab chiqilgan qaror loyihasi ko‘rib chiqish uchun tarqatildi. Loyihada alifbomizda eng muammoli bo‘lgan to‘rtta harf islohi bo‘yicha taklif aniq qo‘yilgan. Ya’ni bular «sh» va «ch» hamda «o‘» va «g‘» harflarini «ş», «ç», «õ» va «ḡ» shaklida o‘zgartirish masalasi. Bu taklif tilshunos olimlar tomonidan to‘la ma’qullandi.

Tadbir davomida tilshunos olim Nizomiddin Mahmudov yangi alifboga «s» harfini ham kiritish taklifini berdi, ammo olimning fikriga boshqalar qo‘shilmadi. Taklif ma’qullanmadi.

Shuningdek, yig‘ilishda olimlarimiz «ng» harf birikmasini ham bir harfdan iborat belgi «ñ»ga o‘zgartirish bo‘yicha kelishib olishdi. Bu ayrimlarda e’tiroz uyg‘otdi, ammo taklif ko‘pchilik tomonidan ma’qullandi. Shunday qilib, endilikda alifbomizga «ng» tovushini ifodalovchi «ñ» belgisi ham kiritilish ehtimoli paydo bo‘lmoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, yig‘ilish davomida o‘rtaga tashlangan va olimlar tomonidan ma’qullanmagan takliflar orasida «h» va «x» harflarini birlashtirib yuborish ham bo‘lgan.

 «Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida»gi Qonuniga o‘zgartirishlar kiritish haqida»gi Qonun loyihasi tez orada parlament quyi palatasiga ko‘rib chiqish uchun kiritilishi kutilmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//