1-fevraldan nimalar oʻzgaradi?

Saqlash
15:53 / 01.02.2023 1207 0

“Elektron advokatlik orderi”ni berish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi 

 

Advokatlik tuzilmalari tomonidan advokatlarga muayyan ishni olib borish uchun beriladigan anʻanaviy shakldagi order maqomiga teng boʻlgan maxsus QR-kod qoʻyilgan «Elektron advokatlik orderi» beriladi. Shuningdek:

 

– ushbu order haqidagi maʻlumotni “Yuridik yordam” axborot tizimiga kiritish majburiy hisoblanadi;

– advokat soʻrovi shakliga qoʻyilgan talablar, shu jumladan, unga orderning koʻchirma nusxasini ilova qilish, orderni qayd etish daftarini yuritish talablari bekor qilinadi.

 

Zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchi YATTlarga bank kafolati beriladi 

 

Qimmatbaho metallarni tovar-xomashyo birjasi orqali kechiktirib toʻlash sharti bilan sotganda:


– sotib olingan qimmatbaho metallar uchun toʻlov majburiyatlarini “Oʻzmilliyban” AJning kafolati bilan bir qatorda boshqa banklarning kafolatlari hamda tegishli tashkilotning kafilligi bilan ham taʼminlashga;

– bank kafolatini zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchi YATTlarga ham berishga;

– toʻlov majburiyatlarini taʼminlash maqsadida beriladigan bank kafolati boʻyicha xizmat haqini taraflarning kelishuviga asosan qatʼiy miqdordagi summada belgilashga ruxsat etiladi.

 

Pedagog kadrlar tayyorlashda xalqaro doiradagi ilmiy-tadqiqot ishlari olib boriladi 

 

2022–2026-yillarda pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalari faoliyatini takomillashtirish boʻyicha yoʻl xaritasiga asosan, xorijiy oliy taʼlim muassasalarining yetakchi olimlari bilan hamkorlikda xalqaro doiradagi ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish yoʻlga qoʻyiladi.

 

Ayrim postlarda “Yashil” va “Qizil” tamoyili asosida avtotransportlar harakatlanishi yoʻlga qoʻyiladi

 

Quyidagi yoʻl-patrul xizmati statsionar postlarida avtotransportlarning “Yashil” va “Qizil” yoʻlak tamoyili asosida harakatlanish tartibi joriy etiladi:

– Andijon viloyatining 45-YPX statsionar postida;
– Toshkent shahrining “A.Turbonov”, “Erkin”, “Bektemir”, “Sharq” YPX statsionar postlarida.

 

Qiymati 100 million soʻmgacha zargarlik buyumlarini bojxona deklaratsiyasini toʻldirmasdan olib chiqish mumkin

 

Quyidagilarga ruxsat etiladi:

– rezident va norezident jismoniy shaxslarga — qiymati 100 million soʻmgacha boʻlgan tayyor zargarlik buyumlarini yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini toʻldirmasdan, 100 million soʻm va undan ortiq boʻlganlarini yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasi asosida Oʻzbekiston bojxona hududidan tashqariga olib chiqishga;

– zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchi YATTlarga — zargarlik buyumlarini yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini toʻldirgan holda, maʼlumotlarni Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga kiritmasdan Oʻzbekiston bojxona hududidan tashqariga tijorat maqsadlarida olib chiqishga.

 

Kasanachilikni kengaytirish uchun hokim yordamchilari tavsiyanomasi asosida ajratiladigan kreditlar miqdori oshiriladi 

“Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida aholining biznes tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlashni yangi bosqichga olib chiqishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ–39-son, 31.01.2023-y.) qabul qilindi.


Qarorga koʻra, 2023-yilda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasidagi loyihalarni moliyalashtirish uchun kamida 13 trillion soʻm yoʻnaltiriladi.

2023-yil 1-fevraldan:

– kreditlar ustuvor ravishda dasturlar boʻyicha avval kreditlardan foydalanmagan aholi va tadbirkorlarga ajratiladi;

– uzoq muddatga qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer maydonlarini ijaraga olib, dehqon xoʻjaliklari va kichik tadbirkorlik subyektlariga 50 mln soʻmgacha garovsiz kredit beriladi;

– tadbirkorlarning mahallalarda ishlab chiqarishni, xizmat koʻrsatish sohasini va hunarmandchilikni hamda aholi bilan kooperatsiya va kasanachilikni kengaytirishga yoʻnaltirilgan loyihalari uchun hokim yordamchilarining tavsiyanomasi asosida ajratiladigan kreditlar miqdori amaldagi 225 million soʻmdan 300 million soʻmgacha oshiriladi.
 

Bunda, tashabbuskor loyihada kamida 30 foiz ulush bilan ishtirok etishi lozim;

– dasturlar doirasida ilgari olgan kreditlaridan samarali foydalanib, tadbirkorligini yoʻlga qoʻygan va kredit toʻlovlarini oʻz vaqtida amalga oshirgan kichik tadbirkorlik subyektlariga faoliyatini yanada kengaytirishi uchun mazkur kreditlardan takroran foydalanishga ruxsat etiladi;

– hokim yordamchisining tavsiyasiga koʻra kredit summasining 10 million soʻmgacha boʻlgan qismi (hunarmandlar uchun 20 million soʻmgacha) bank kartalariga (naqdlashtirish imkoniyatini cheklagan holda) oʻtkazib beriladi.

 

2023-yil 1-iyundan aholi va tadbirkorlarga kredit ajratish jarayonida qarz oluvchini ID-kartadagi (biometrik pasportdagi) biometrik maʼlumotlar asosida identifikatsiya qilish yoʻlga qoʻyiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//