Siyosat
Bugun, 2023-yil 31-yanvar kuni Buxoro viloyat sudi binosida 2022-yil 1-2-iyul kunlari Nukus shahridagi ommaviy tartibsizliklarni sodir etganlikda ayblanayotgan 22 nafar sudlanuvchiga oid jinoyat ishini koʻrib chiqish boʻyicha sud jarayoni tugab, sud hukmi eʼlon qilindi.
Ushbu jinoyat ishi Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudining jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati sudyasi Yelubay Abibullayev raisligida birinchi instansiya sudida koʻrib chiqildi.
Eʼlon qilingan sud hukmiga koʻra:
Salamat Kalilayev Jinoyat kodeksi (JK)ning 244-moddasi (ommaviy tartibsizliklar) 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 57-moddasi (yengilroq jazo tayinlash) qoʻllanilib, 3 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga sudlanib, JKning 62-moddasi (ushlab turish, qamoqqa olish yoki uy qamogʻi vaqtini hisobga olish qoidalari)ga asosan dastlabki uy qamogʻida oʻtirgan 6 oy 4 kuni tayinlangan jazodan chegirilib, oʻtash uchun 2 yil 5 oy 26 kun ozodlikdan mahrum qilish jazosi qoldirilib, JKning 72-moddasi (shartli hukm qilish) qoʻllanilib, jazo 3 yil sinov muddati bilan shartli deb belgilandi;
Berdax Genjebayev JKning 164-moddasi (bosqinchilik) 2-qismi “b” bandi, 227-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish) 2-qismi “a” bandi va 244-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 57-moddasi qoʻllanilib, JKning 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) tartibida 5 yil ozodlikni cheklash jazosiga sudlanib, JKning 62-moddasi tartibida, dastlabki qamoqda saqlangan 1 oy 19 kuni chegirilib, oʻtash uchun 4 yil 10 oy 11 kun ozodlikni cheklash jazosi qoldirilib, unga nisbatan qoʻllanilgan uy qamogʻi ehtiyot chorasi bekor qilindi;
Nurlan Sultamuratov JKning 244-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 57-moddasi qoʻllanilib, 3 yil;
Polat Nurniyazov JKning 244-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 57-moddasi qoʻllanilib, 4 yil;
Qaharman Seytimov JKning 244-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 57-moddasi qoʻllanilib, 5 yil;
Saiipnazar Kalimov bilan Arislan Temirxanov JKning 244-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 57-moddasi qoʻllanilib, xar biri 6 yildan;
Polat Shamshetov JKning 244-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 45 (muayyan huquqdan mahrum qilish), 57-moddalari qoʻllanilib, 3 yil mansabdorlik lavozimlarida va ichki ishlar tizimida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 6 yil;
Amirbek Adilbekov JKning 244-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 57-moddasi qoʻllanilib, 7 yil;
Baxtiyar Kadirbergenov JKning 244-moddasi 3-qismi va 277-moddasi (bezorilik) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 57-moddasi qoʻllanilib, JKning 59-moddasi tartibida 7 yil;
Seydabulla Medetov bilan Nurlan Nayipov JKning 244-moddasi 3-qismi va 244-1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi “a”, “g” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 57-moddasi qoʻllanilib, JKning 59-moddasi tartibida, xar biri 7 yildan;
Razbek Bekmuratov JKning 244-moddasi 3-qismi va 247-moddasi (oʻqotar qurolni, oʻq-dorilarni, oʻqotar qurolning asosiy qismlarini, portlovchi moddalarni, portlatish vositalarini yoki portlatish qurilmalarini qonunga xilof ravishda egallash) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 57-moddasi qoʻllanilib, JKning 59-moddasi tartibida 8 yil;
Sultanbek Kaipov JKning 244-moddasi 3-qismi va 244-1-moddasi 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 57-moddasi qoʻllanilib, JKning 59-moddasi tartibida 8 yil;
Dauletmurat Jiyemuratov JKning 159-moddasi (Oʻzbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) 4-qismi bilan aybsiz deb topilib, Jinoyat-protsessual kodeksi (JPK)ning 83-moddasi (reabilitatsiya asoslari) 3-bandiga asosan oqlanib, JKning 244-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 57-moddasi qoʻllanilib, 8 yil;
Bayram Seytniyazov JKning 244-moddasi 3-qismi va 244-1-moddasi 3-qismi “a”, “g” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 57-moddasi qoʻllanilib, JKning 59-moddasi tartibida 8 yil;
Allabay Toqimbetov JKning 244-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 57-moddasi qoʻllanilib, 8 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazolariga sudlandilar.
Ozodlikdan mahrum qilish jazosiga sudlanganlarga nisbatan tayinlangan jazo muddatlarini ular qamoqqa olingan kundan boshlab hisoblanishi belgilanib, jazoni umumiy tartibli koloniyalarda oʻtash belgilandi.
Azamat Nuratdinov JKning 244-moddasi 3-qismi va 244-1-moddasi 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 57-moddasi qoʻllanilib, JKning 59-moddasi tartibida 5 yil, JKning 62-moddasiga asosan dastlabki qamoqda oʻtirgan 6 oy 13 kuni chegirilib, oʻtash uchun 4 yil 5 oy 17 kun;
Axmet Smetullayev JKning 159-moddasi 4-qismi bilan aybsiz deb topildi va oqlandi, JKning 244-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 57-moddasi qoʻllanilib 5 yil, JKning 62-moddasiga asosan dastlabki qamoqda oʻtirgan 6 oy 22 kuni chegirilib, oʻtash uchun 4 yil 5 oy 8 kun;
Azamat Turdanov JKning 159-moddasi 4-qismi bilan aybsiz deb topildi va oqlandi, JKning 244-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 45, 57-moddalari qoʻllanilib 3 yil mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 5 yil, JKning 62-moddasiga asosan dastlabki qamoqda oʻtirgan 6 oy 25 kuni chegirilib, oʻtash uchun 4 yil 5 oy 5 kun ozodlikni cheklash jazosiga sudlandilar.
Ozodlikni cheklash jazosiga sudlangan A. Nuratdinov, A. Smetullayev va A. Turdanov sud zalida qamoqdan ozod qilindi.
Lolagul Kallixanova JKning 159-moddasi 4-qismi, 244-moddasi 3-qismi va 244-1-moddasi 3-qismi “a”, “b”, “g” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 57-moddasi qoʻllanilib, JKning 59-moddasi tartibida 8 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga sudlanib, JKning 62-moddasiga asosan dastlabki qamoqda oʻtirgan 6 oy 24 kuni tayinlangan jazodan chegirilib, oʻtash uchun 7 yil 5 oy 6 kun ozodlikdan mahrum qilish jazosi qoldirilib, JKning 72-moddasi qoʻllanilib,jazo 3 yil sinov muddati bilan shartli deb belgilanib, sud zalida qamoqdan ozod qilindi.
Dauletmurat Tajimuratov JKning 159-moddasi 4-qismi, 167-moddasi (oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi, 243-moddasi (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish), 244-moddasi 3-qismi va 244-1-moddasi 3-qismi “a”, “b”, “g” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 59-moddasi tartibida 16 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga sudlanib, jazoning dastlabki 2 yilini turmada, qolgan qismini qattiq tartibli koloniyada oʻtash belgilandi.
Shuningdek, sudlanganlar D. Tajimuratov, L. Kallixanova, A. Turdanov, A. Smetullayev va D. Jiyemuratovning aybidan JKning 28,104-moddasi 3-qismi “a” bandi, sudlanganlar R. Bekmuratov bilan S. Kaipovning aybidan JKning 104-moddasi 3-qismi “a” bandi (ushbu harakatlar JKning 244-moddasi 3-qismi bilan qamrab olinganligi sababli), sudlangan A. Nuratdinovning aybidan JKning 244-1-moddasi 3-qismi “g” bandi (qoʻyilgan ayblov oʻz tasdigʻini topmaganligi sababli) chiqarildi.
Bundan tashqari, sodir etilgan jinoyatlar oqibatida yetkazilgan 6,8 milliard soʻmdan ortiq zararning 256 million soʻmi qoplanganligi inobatga olinib, qoplanmagan 6,5 milliard soʻmdan ziyod miqdordagi moddiy zararlarni sudlanganlardan solidar tartibda undirish, oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilingan 228 million soʻm zararni sudlangan D.Tajimuratovdan undirish, sudlanganlarga tegishli boʻlib jinoyat ishi doirasida xatlovga olingan mol-mulklarni keltirilgan zararni qoplashga qaratish belgilandi.
Mazkur hukmdan norozi taraflar Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi orqali Oliy sudning Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati apellyatsiya instansiyasiga protsessual qonunchilikda belgilangan tartib va muddatlarda shikoyatlar berishga, prokuror esa protest bildirishga haqli ekanligi maʼlum qilinadi.
Shuningdek, jinoyat ishini tergov qilish davomida yoʻl qoʻyilgan ayrim xato-kamchiliklarga nisbatan xususiy ajrim chiqarildi.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q