Toshkent tumani “Eshonxoʻja ota” masjidi imom-xatibi 16 yoshli qizga oʻldirish bilan tahdid qilgani uchun ishdan olindi

Saqlash
17:30 / 30.01.2023 2108 0

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Toshkent tumani “Eshonxoʻja ota” masjidi imom-xatibi Avazxoʻja Bahromovning yosh qizlarga tahdid qilgan, ularni soʻkib, qoʻpol muomala qilgani yozilgan audiolar tarqaldi.

 

28-yanvar kuni Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Ichki nazorat komissiyasi yigʻilishida Toshkent viloyati Toshkent tumani “Eshonxoʻja ota” masjidi imom-xatibi Avazxoʻja Bahromov masalasi koʻrib chiqildi. Unda imom-xatibning ijtimoiy tarmoqlarda muhokamaga sabab boʻlgan arab tili kursidagi xatti-harakatlari muhokama qilindi, deb yozmoqda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati. 

 

Yigʻilishda imom-xatibning mazkur holati imomlik maqomiga mutlaqo toʻgʻri kelmasligiga alohida urgʻu qaratildi. Ayniqsa, ichki meʼyoriy hujjatlarda belgilangan “fuqarolar bilan muloqotda xushmuomala, vazmin va samimiy munosabatni namoyish qilish”, va “oʻzining xatti-harakati va axloqi tufayli jamoatchilikning tanqidiga uchramaslik choralarini koʻrish” degan bandlarning Bahromov tomonidan qoʻpol ravishda buzilishi deb baholandi.

 

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi diniy soha xodimlarini jamiyatda oʻzini tutishi, odamlar bilan munosabatda namuna koʻrsatishi, imomlik maqomiga munosib boʻlishi borasida muntazam tushuntirish ishlarini olib boradi. 

 

“Afsuski, Avazxoʻja Bahromov mazkur xatti-harakati bilan meʼyoriy hujjatlar talablarini qoʻpol ravishda buzib, Oʻzbekiston musulmonlari idorasining mazkur yoʻnalishdagi buyruqlari, ichki tartib qoidalari hamda mehnat majburiyatlariga rioya etmagani maʼlum boʻldi.

 

Ichki nazorat komissiyasi Toshkent viloyati Toshkent tumani “Eshonxoʻja ota” masjidi imom-xatibi Avazxoʻja Bahromovni egallab turgan lavozimidan ozod etish toʻgʻrisida xulosa qildi. Shuningdek, bunday shaxslarga Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tizimida oʻrin yoʻqligi alohida taʼkidlandi.

 

Ayni kunlarda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar Avazxoʻja Bahromovning mazkur xatti-harakatlariga huquqiy baho berish yuzasidan ish olib borayotganini maʼlum qilamiz”, — deyiladi Oʻzbekiston musulmonlari idorasi xabarida.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//