Siyosat
Muhtaram Rejep Tayyip Erdogʻan Janobi Oliylari!
Hurmatli davlat va hukumat rahbarlari!
Jahon sivilizatsiyalari chorrahasida joylashgan goʻzal Turkiya zaminida, qadimiy tarixga ega Demokratiya va ozodlik orolida sizlar bilan diydor koʻrishib turganimdan benihoya mamnunman.
Avvalambor, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti, hurmatli Ilhom Geydarovich Aliyevga Tashkilotimizga samarali raislik qilgani uchun minnatdorchilik izhor etaman.
Ozarbayjon xalqini mamlakat hududiy yaxlitligi tiklanib, tarixiy adolat qaror topgan qutlugʻ sana – Gʻalaba kuni munosabati bilan chin dildan tabriklayman.
Shu bilan birga, hurmatli Ilhom Geydarovich, Sizni “Turkiy dunyoning Oliy ordeni”ga sazovor boʻlganingiz bilan ham samimiy tabriklayman.
Uchrashuvimiz mezboni, qardoshim, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan Janobi Oliylariga anjumanimizni yuqori darajada tashkil etgani uchun alohida tashakkur aytaman hamda Tashkilotimizga raislikni qabul qilib olgani bilan chin dildan qutlayman.
Anjumanimizda qadrli doʻstimiz,Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Myalikguliyevich Berdimuhamedovni koʻrib turganimdan behad mamnunman.
Turkmanistonga Tashkilotimizning kuzatuvchi maqomi berilishi toʻgʻrisidagi tarixiy qarorni toʻliq qoʻllab-quvvatlayman.
Bugun sammitimizda Tashkilotimiz asoschilaridan biri, faxriy raisimiz, Qozogʻiston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi muhtaram Nursulton Abishevich Nazarboyev videomurojaat bilan ishtirok etganini olqishlaymiz.
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Umumiy til va mushtarak qadriyatlar birligi asosida shakllangan Kengashimiz doirasida bugungi kunda siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport-logistika va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik jadal rivojlanmoqda.
Ogʻir pandemiya davrida ham biz sherikligimizni kengaytirishga, bir-birimizga yordam berib, aloqalarimizni muntazam rivojlantirishga intilib kelmoqdamiz.
Aminmanki, bugun qabul qilinayotgan qaror bilan Turkiy Kengash nomi “Turkiy davlatlar tashkiloti” deb oʻzgartirilishi hamkorligimizni yanada rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratadi. Ushbu muhim qadam Tashkilotimiz faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqib, uning xalqaro maydondagi oʻrni va nufuzini keskin oshirishiga ishonaman.Uchrashuvimizda imzolanadigan “Turkiy dunyo nigohi – 2040” istiqbolli dasturiy hujjati ham ushbu ezgu maqsadga xizmat qiladi.
Muhtaram anjuman ishtirokchilari!
Hozirgi vaqtda dunyoda yuz berayotgan shiddatli jarayonlar, turli tahdid va xatarlar, pandemiya sinovlari, oziq-ovqat xavfsizligi, iqlim oʻzgarishi va ekologiya bilan bogʻliq muammolar barchamizning oldimizga yangi, dolzarb vazifalarni qoʻymoqda. Bu esa davlatlarimizning hamkorlik borasida hali ishga solinmagan ulkan imkoniyatlaridan toʻlaqonli foydalanishni taqozo etmoqda.
Shu munosabat bilan quyidagi takliflarni bildirmoqchiman:
Birinchidan, Tashkilotimiz doirasida savdo aloqalarini kengaytirish uchun qulay va jozibador sharoitlarni yaratishimiz lozim.
Oxirgi yillarda Oʻzbekistonning qardosh mamlakatlar bilan umumiy tovar ayirboshlash hajmi ikki barobar oshganini alohida taʼkidlamoqchiman. Shu bilan birga, bu koʻrsatkichlar mavjud salohiyatlarimizga mos emas, desam, adashmagan boʻlaman.
Tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, faqat 2020-yilda davlatlarimizning umumiy importi 420 milliard dollarga teng boʻlgan boʻlsa, aʼzo mamlakatlar oʻrtasidagi oʻzaro import hajmi esa 21 milliard dollarni tashkil etdi. Shu bois, uchinchi davlatlardan kirib kelayotgan mahsulotlarni Tashkilotimizga aʼzo mamlakatlarda ishlab chiqarish mumkin boʻlgan tovarlar hisobidan qoplash eng dolzarb vazifamizga aylanishi lozim.
Bu boradagi mavjud imkoniyatlarni atroflicha oʻrganish maqsadida Turkiy davlatlar savdo hamkorligi boʻyicha tadqiqot markazini tashkil etishni taklif qilamiz. Ushbu Markaz savdo toʻsiqlarini bartaraf etish, elektron tijoratni keng joriy qilish, eksport-import hajmini koʻpaytirishga qaratilgan aniq takliflar hamda qoʻshma harakatlar rejasini ishlab chiqish va amalga oshirish bilan shugʻullanishi darkor.
Ikkinchidan, savdo-iqtisodiy hamkorligimizni yanada rivojlantirish uchun transport va tranzit masalalariga alohida eʼtibor qaratishimiz zarur.
Tarixdan maʼlumki, turkiy xalqlar yashab kelgan mintaqalar ming yillar davomida Sharq va Gʻarb, Shimol va Janub oʻrtasida transport va savdo koʻprigi vazifasini bajargan.
Bugungi vaziyat bizdan Xitoydan Yevropagacha boʻlgan va mamlakatlarimiz hududidan oʻtadigan yangi transkontinental transport yoʻllarini yanada rivojlantirishni talab etmoqda. Bu boradagi hamkorlikni tizimli yoʻlga qoʻyish uchun “Turkiy davlatlar tashkilotining transport sohasidagi oʻzaro bogʻliqlik dasturi”ni ishlab chiqishni taklif etamiz.
Ushbu dastur mintaqalararo multimodal koridorlarini rivojlantirish, chegaralardan oʻtish tartiblarini soddalashtirish, bojxona, sanitariya va boshqa turdagi nazorat jarayonlarini raqamlashtirish, transport va tranzit tariflarini optimallashtirish masalalariga samarali yechimlar topishga qaratilishi lozim.
Uchinchidan, sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish bugungi kun talabiga aylanmoqda.
Davlatlarimizda mavjud boʻlgan ixtisoslashgan tashkilotlar negizida “Injiniring va texnologiyalar markazlari”ni tashkil etish maqsadga muvofiqdir.Ularning faoliyati qoʻshilgan qiymat zanjirlarini yaratish va raqobatbardoshlik tamoyillariga asoslangan qoʻshma loyihalarni birgalikda ishlab chiqishga yoʻnaltiriladi.
Bunday loyihalarni kelgusida tuziladigan qoʻshma Investitsiya jamgʻarmasi hisobidan moliyalashtirish mumkin boʻladi. Ushbu tashabbusni roʻyobga chiqarish hamda bu borada yangi imkoniyatlar ochish uchun kelgusi yili Oʻzbekistonda “Turkiy davlatlar sanoat haftaligi”ni oʻtkazish niyatidamiz.
Toʻrtinchidan, sammitimiz “Raqamli asrda yashil texnologiyalar va “aqlli shaharlar” mavzusida oʻtayotgani muhim ahamiyatga egadir.
Davlatlarimizning har biri turli sohalarda raqamlashtirish jarayonlarini joriy etish tajribasiga ega. Aʼzo mamlakatlarda, birinchi navbatda Turkiyada bu sohada toʻplangan tajribani inobatga olib, “aqlli shahar”larni barpo etish boʻyicha tajriba almashish va innovatsiyalarni transfer qilish maqsadida ekspertlar va IT mutaxassislar uchun doimiy platforma yaratish muhimdir.
Bu boradagi ilk qadam sifatida 2022-yilda ekspertlar konferensiyasini oʻtkazishni taklif qilamiz.
Beshinchidan, hozirgi paytda dunyoda iqlim oʻzgarishi va ekologiya muammolarini yechish hamda uglerod neytralligiga erishish va “yashil” iqtisodiyotga oʻtish tobora oʻtkir zaruratga aylanmoqda.
Orol dengizining qurishi nafaqat mintaqamiz, balki uning tashqarisidagi koʻplab mamlakatlarga ham jiddiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Bu kabi ekologik fojialarning salbiy oqibatlarini yumshatish, ularning tarqalishining oldini olish uchun Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan hamkorlikda Turkiy mamlakatlarning atrof-muhit muhofazasi boʻyicha tuzilmasini tuzish tashabbusini ilgari suramiz.
Mazkur tuzilma qarorgohini ushbu ekologik ofatdan eng koʻp zarar koʻrgan Orolboʻyi hududlaridan birida joylashtirish maqsadga muvofiq boʻlar edi.
Oltinchidan, qadimiy Xiva va Qoʻqon shaharlarida boʻlib oʻtgan madaniyat va turizm vazirlarimizning samarali uchrashuvlari xalqlarimiz naqadar boy tarixiy va madaniy merosga ega ekani, sayyohlik sohasida katta imkoniyatlarimiz borligini yaqqol koʻrsatdi.
Biz “Turkiy dunyo turizmi” va “Tabarruk ziyorat” sayyohlik loyihalarini amalga oshirish, hunarmandchilik koʻrgazmalari va etnosport musobaqalarini oʻtkazish, madaniy meros obyektlarini saqlash va restavratsiya qilish hamda boshqa yoʻnalishlarni qamrab olgan “yoʻl xaritasi”ni birgalikda ishlab chiqishni maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.
Yettinchidan, bugungi sammitimizda Turkiy dunyo birligiga salmoqli hissa qoʻshgan ulugʻ mutafakkir va davlat arbobi Mir Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofotni taʼsis etish haqidagi qaror qabul qilinishi munosabati bilan barchangizga yana bir bor minnatdorchilik bildiraman.
Turkiy dunyoning buyuk vakillari umumbashariy madaniyat va sivilizatsiya taraqqiyotiga qanday ulkan hissa qoʻshgani hammamizga maʼlum.
Mana, yaqinda Istanbul shahrida qayta taʼmirlangan muhtasham Otaturk madaniyat markazida Turkiy dunyoning ulugʻ allomalari siymolari yod etilgani ayniqsa eʼtiborlidir.Tashkilotimizga aʼzo barcha mamlakatlar fondlarida ana shu bebaho meros asrab-avaylab saqlanmoqda. Jumladan, Oʻzbekistonda ham mushtarak tariximiz va madaniyatimizga oid 200 mingga yaqin noyob qoʻlyozmalar mavjud.
Ana shu nodir asarlarni birgalikda oʻrganish, ularni tarjima qilish, yagona elektron bazasini yaratish, bu sohaga raqamli texnologiyalarni joriy etish maqsadida “Turkiy tilli davlatlarning tarixiy, ilmiy va madaniy merosini oʻrganish tadqiqot markazi”ni tashkil etishni taklif qilamiz.
Oʻylaymanki, ushbu markaz qardosh xalqlarimizning bebaho merosini kelgusi avlodlar va dunyo ahliga yetkazishga muhim hissa qoʻshadi.
Sakkizinchidan, kelajagimiz davomchilari boʻlgan yoshlar mamlakatlarimiz aholisining katta qismini tashkil etmoqda.
Bugun yosh avlodning xalqlarimiz hayoti va taqdiridagi, oʻzaro munosabatlarimiz rivojidagi oʻrni tobora ortib bormoqda. Ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, kreativ gʻoya va loyihalarini ragʻbatlantirish, milliy qadriyatlarimizga yot boʻlgan taʼsirlardan asrab-avaylash barchamizning asosiy vazifalarimizdan biridir.
Bu boradagi saʼy-harakatlarimizni birlashtirish maqsadida 2022-yilni Turkiy dunyoda “Yoshlar tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash yili”, deb eʼlon qilishni taklif etaman. Uning doirasida birgalikda aniq chora-tadbirlardan iborat qoʻshma dasturni ishlab chiqish va amalga oshirish, mazkur masalani navbatdagi sammitimiz kun tartibining asosiy mavzusi etib belgilash oʻrinli boʻlar edi.
Hurmatli yigʻilish qatnashchilari!
Afgʻonistondagi hozirgi murakkab vaziyat barchamizning eʼtiborimiz markazida turibdi.Ushbu mamlakatning gumanitar inqirozga tushib, xalqaro maydonda yakkalanib qolishiga, uning terrorchilar makoniga aylanishiga yoʻl qoʻymaslik nihoyatda dolzarbdir.
Afgʻonistonning yangi Hukumati bilan muloqotlarda yondashuvlarimiz umumiy va yakdil boʻlishi lozim.
Qadrli doʻstlar!
Oʻzbekiston Respublikasi bugungi anjuman kun tartibiga kiritilgan Qoʻshma deklaratsiya, Tashkilotimiz tarkibida Kuzatuvchi hamda Sheriklik maqomlarini taʼsis etish toʻgʻrisidagi qarorlar va boshqa muhim hujjatlarning imzolanishini qoʻllab-quvvatlaydi.
Bosh kotib Bagʻdod Amreyevning vakolat muddatini uzaytirishni ham toʻla maʼqullaymiz.
Ishonchim komilki, bugungi uchrashuvimiz va erishilgan kelishuvlarimizning amalga oshirilishi qardosh xalqlarimizning umumiy farovonligi va ravnaqiga xizmat qiladi.
Katta mamnuniyat bilan yangi nom olgan Turkiy davlatlar tashkilotining birinchi sammitini oʻtkazish uchun siz, aziz hamkasblarimni kelgusi yil Oʻzbekistonga tashrif buyurishga taklif etaman.
Eʼtiboringiz uchun rahmat.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q