Marhum aktrisa Gavhar Sharipova oʻlimi tafsilotlari oshkor qilindi

Saqlash
22:00 / 12.11.2021 1555 0

“Oʻzbekiston” telekanalidagi “Bir jinoyat izidan” koʻrsatuvida aktrisa Gavhar Sharipova oʻlimi tafsilotlari maʼlum qilindi.

 

2019-yilning 18-noyabrga tungi soat 02:00larda Gʻuzor tumani IIBga xabar kelib tushgan. Unda “Samarqand-Gʻuzor” avtomobil yoʻlining Yargʻunchi qishlogʻi hududida “Isuzu” rusumli yuk avtomobili bilan avtohalokat yuz bergani aytilgan. Voqea joyiga tezkor guruh va tez tibbiy yordam vakillari yetib borgan. Tez tibbiy yordam vakilining maʼlum qilishicha, voqea joyiga yetib borgan va ayolni yurak urishini tekshirgan vaqtda aktrisa allaqachon vafot etgani maʼlum boʻlgan. Marhumning oʻng oyogʻi tovon qismida 4-5 sm yulinib ketgan qismi boʻlgan, natijada suyaklari koʻrinib qolgan.

 

Avtomashina haydovchisi yoʻlda nomaʼlum ayol jasadini koʻrib qolib toʻxtaganini maʼlum qilgan. IIB xodimlari haydovchi bilan suhbatlashganda u oʻzini shubhali tutgan va xodimlar eʼtiborini tortgan. Isuzu saloni tekshirilganda marhumaga tegishli barmoq izlari, soch tolalari topilgan.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

 

Tekshiruvlar natijasida haydovchi Sh. F.aybiga iqror boʻlgan.

 

Maʼlum qilinishicha, aktrisa mashinini toʻxtatib Samarqandgacha borishini aytgan, yoʻlda “Isuzu” yuk avtomobili haydovchisi aktrisa Gavhar Sharipovaga shilqimlik qilgan.U bir qoʻlida avtomobilini boshqarib turib, oʻng qoʻli bilan avtomobil salonida yoʻlovchi sifatida ketayotgan aktrisaning yelka va qoʻllaridan ushlab shilqimlik qilgan. Oqibatda Gavhar Sharipova avtomobil eshigini ochib, uni ushlab turgan.

 

Haydovchi buni koʻra turib harakatlanishda davom etgan va amaldagi yoʻl harakati qoidalarining 77-bandi 3-qismida koʻrsatilgan “Harakatlanish vaqtida haydovchi aniqlay oladigan xavf yuzaga kelsa, transport vositasini tezligini u toʻla toʻxtatishni taʼminlaydigan darajada kamaytirmasdan” yoʻllarda harakatlanish qoidalarini qoʻpol ravishda buzib, transport vositasini toʻxtatish choralarini koʻrmasdan yoʻlida davom etgan.Oqibatda aktrisa avtomobil kabinasidan tushib ketib, hayoti uchun xavfli boʻlgan tan jarohati olib, hodisa sodir boʻlgan joyda vafot etgan.
 

Rejissiyor Zamira Begimqulovaning maʼlum qilishicha, oʻsha vaqtlarda aktrisa ogʻir ruhiy holatda boʻlgan. Toʻrt yil uchrashib yurgan, sevgan yigiti bilan munosabatlari uzilgan va bu unga qattiq taʼsir qilgan.

 

Ushbu holat Jinoyat ishlari boʻyicha Gʻuzor tumani sudida koʻrib chiqilgan. Fuqaro Sh. F. Jinoyat Kodeksining 266-moddasi 2-qismi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odam oʻlimiga sabab boʻlishi) bilan aybli deb topilgan va transport vositalarini boshqarish huqudan 2 yilga mahrum qilingan hamda 6 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. 

 

Eslatib oʻtamiz, Gavhar Sharipova “Alpomish”, “Sarvinoz”, “Opa-singillar”, “Aldangan ayol” va boshqa filmlarda rol ijro etgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//