Tez tibbiy yordam uchun hududlarga 110 ta “Volkswagen Caddy” rusumli avtomshina tarqatildi

Saqlash
19:27 / 24.01.2023 1080 0

Respublika tez tibbiy yordam markazi avtobazasi 110 ta “Volkswagen Caddy” rusumli soʻnggi avlod tez tibbiy yordam mashinalari bilan boyidi.

 

Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimida eskirgan avtotransport vositalarini bosqichma-bosqich zamonaviylariga almashtirish ishlari olib borilmoqda.

 

Xususan, “103” xizmatida 2938 dona “Tez yordam” mashinasi boʻlib, shundan 648 tasi yoki 22 foizi normativ hujjatlarga asosan yangilanishga muhtoj.

 

Jizzax viloyatida Sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari Otabek Fozilkarimov va vazirlik masʼul vakillari ishtirokida oʻtgan yangi tez tibbiy yordam avtomashinalarini tantanali topshirish marosimida taʼkidlanganidek, “Volkswagen Caddy” yuqori texnik koʻrsatkichga egaligi, harakatlanish qobiliyati yuqoriligi va ixchamligi bilan ajralib turadi.

 

Mazkur avtomobillarni loyihalash va jihozlashda shifokor hamda bemorlarga imkon qadar qulaylik yaratishga eʼtibor berilgan.

 

Hozirgi kunda “103” tasarrufida:

 

— 244 ta “Hunday”,

— 145 ta “Volkswagen Caddy”,

— 90 ta “Nissan”,

— 46 ta “Toyota”,

— 228 ta “Ford”,

— 13 ta “Foton”,

— 37 ta “UAZ”,

— 5 ta “Isuzu NLR”,

— 29 ta “Isuzu D-MAX”,

— 19 ta “Gazel”,

— 2082 ta “Damas” mashinalari xizmat koʻrsatmoqda.

 

Prezidentimizning 2021-yil 27-maydagi 5129-son va 2022-yil 16-iyundagi 283-son qarorlariga muvofiq, tizimdagi mavjud “Damas” rusumli va xizmat muddatini oʻtagan boshqa turdagi avtotransport vositalarini 2022-2024-yillarda yangilash belgilangan.

 

— Xalqaro tajribani oʻrganib, A, B, C toifali “Tez yordam” avtomobillari uchun standartlarni ishlab chiqishga vazirlik darajasida jiddiy eʼtibor qaratilmoqda, — deydi O.Fozilkarimov. — Yangi qabul qilib olingan A toifali ushbu avtomashinalar tez tibbiy yordam brigadalari ishini yanada takomillashtirishga moʻljallangan. Shu yerning oʻzida 110 ta avtomobilni barcha hududlarga taqsimlab berdik. Ishonchimiz komilki, beshinchi avlod “Volkswagen Caddy” avtomobillari uzoq yillar xalqimiz manfaatlari uchun xizmat qiladi.

 

Tadbir davomida vazirlik masʼullari yangi tez tibbiy yordam mashinalarini qabul qilib olgan haydovchilar bilan ularning imkoniyatlari haqida suhbatlashdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//