Shavkat Mirziyoyev paxta yetishtirishni qoʻllab-quvvatlash masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi

Saqlash
14:44 / 24.01.2023 1117 0

Shavkat Mirziyoyev 23-yanvar kuni paxta yetishtirishni qoʻllab-quvvatlash masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi.

 

Yigʻilishda qayd etilishicha, bugungi kungacha paxta-toʻqimachilik klasterlari tomonidan sohaga 5 milliard 300 million dollar investitsiya kiritilgan, ularga 3 milliard dollar imtiyozli kreditlar ajratilgan. Klasterlar tomonidan 4 milliard dollarlik 265 ta loyiha ishga tushirilib, 300 mingta yangi ish oʻrni yaratilgan. Natijada paxta hosildorligi 30 foizga oshib, 26 sentnerdan 34 sentnerga yetdi.

 

Lekin joylarda klaster va fermerlarni qiynayotgan muammolar ham bor. Jumladan, qoʻshilgan qiymat soligʻini oʻz vaqtida toʻlamaganligi sababli fermer xoʻjaliklarida penya qarzdorligi vujudga kelgan.

 

7 mingta fermer paxta maydonlarini nasoslar orqali sugʻorishga majbur boʻlayotir. Fyuchers shartnomalari tuzishning oxirgi muddati belgilanmagan, shartnomalarni roʻyxatga olish boʻyicha shaffof tizim yoʻq.

 

Yigʻilishda sohadagi shu kabi muammolar muhokama qilinib, zarur choralar belgilandi.

 

Xususan, paxta maydonlarini nasos bilan sugʻorish uchun ketgan elektr energiyasi xarajatlarining 50 foizi qoplab berilishi qayd etildi.

 

Oʻtgan yili ichki bozorda mineral oʻgʻit narxi oʻrtacha 50 foizga oshib, tanqislik yuzaga kelgan edi. Shu bois mineral oʻgʻitlarga bojxona imtiyozlarini yana 3 yilga uzaytirish taklifi bildirildi.

 

“Mutasaddilarga klaster va fermerlar oʻrtasidagi shartnomalarni tartibga solish hamda hisob-kitoblarni joyiga qoʻyish, paxta va gʻalla yetishtirishni muvofiqlashtirib borish boʻyicha koʻrsatmalar berildi. Qoʻshilgan qiymat soligʻini oʻz vaqtida toʻlamaganlik uchun fermer xoʻjaliklariga hisoblangan penyalar, istisno tariqasida, hisobdan chiqarilishi belgilandi.

 

Fyuchers shartnomalarini soliq organlarining elektron axborot tizimida roʻyxatdan oʻtkazish hamda Qishloq xoʻjaligi vazirligining “Agroplatforma” axborot tizimiga integratsiya qilish vazifasi qoʻyildi. Shuningdek, endi Nyu-York birjasining oʻrtacha oylik fyuchers kotirovkalari tahlili Qishloq xoʻjaligi vazirligi veb-saytida eʼlon qilib boriladi”, — deyiladi Prezident matbuot xizmati eʼlon qilgan xabarda.

 

Paxtachilik yoʻnalishidagi ilmiy institutlarni ishga solib, chet ellarda qoʻllanilayotgan unumdor va kam suv talab qiluvchi navlarni mahalliylashtirish zarurligi taʼkidlandi.

 

Yigʻilishda, umuman, qishloq xoʻjaligidagi joriy yilgi vazifalarga ham toʻxtalib oʻtildi.

 

 

Jumladan, 400 million dollarlik 600 ta loyiha ishga tushirilishi, qoʻshimcha 185 ming tonna saqlash va qayta ishlash quvvatlari hamda 33 ta tumanda agroxizmat markazlari tashkil etilishi aytildi.

 

Ipakchilik sanoatida 3 trillion soʻmlikdan ziyod mahsulot tayyorlanib, qariyb 110 million dollarlik eksport qilinmoqda. Lekin bu tarmoqda salohiyat yanada katta. Shu bois Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʻmitasiga bu yil 26 ming tonna pilla, 1,3 million dona qorakoʻl terisi va 40 ming tonna jun ishlab chiqarish vazifasi qoʻyildi.

 

300 ming gektarda suv tejovchi texnologiyalar oʻrnatish, 200 ming gektar yerni lazerli tekislash rejalashtirilgan. 100 ming gektar ekin yerlarini taqsimlab, 2 milliondan ziyod aholining bandligini taʼminlash ham muhim vazifalardan. Bu asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari yetarli boʻlib, bozorlarda narx-navo barqaror boʻlishida ham ahamiyatga ega.

 

Shuningdek, yurtimizda oziq-ovqat sanoatida oliy va oʻrta boʻgʻin mutaxassislariga ehtiyoj katta. Shuning uchun xorijiy davlatlar tajribasi asosida bu sohada yangi institut tashkil etish taklifi maʼqullandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//