Energetika vazirligi korxona va tashkilotlar xodimlarini onlayn ish rejimiga oʻtkazishga chaqirdi

Saqlash
21:40 / 16.01.2023 1331 0

Energetika vazirligi sovuq kunlarda gaz va elektr energiyasiga boʻlgan talabning oshishi, ularni yetkazib berishda yuzaga kelayotgan muammolar hamda bu borada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan murojaat bilan chiqdi.

 

Qayd etilishicha, anomal sovuq tufayli 12-yanvarda qoʻshni mamlakatning tabiiy gaz qazib chiqarish konlarida yuzaga kelgan avariyaviy holat tabiiy gaz importining toʻliq toʻxtashiga va boz ustiga elektr energiyasi importining 20 foizga qisqarishiga sabab boʻlgan. Energiya resurslari taqchilligi kuzatilayotgan paytda ushbu resurslarni birinchi navbatda aholi va ijtimoiy soha obyektlariga yetkazib berish uchun elektr energiyasi eksporti toʻxtatilgan.

 

Bundan tashqari, yirik sanoat korxonalariga energiya resurslarini yetkazib berish hajmi oʻrtacha 70–80 foizga qisqartirilgan. Shu koʻrilgan choralarga qaramasdan respublikaning elektr energiyasi isteʼmoli eng baland koʻrsatkichga, yaʼni 250 million kilovatt/soatga chiqqan. Shuningdek, tabiiy gazga boʻlgan kunlik talab qazib chiqarishga nisbatan yuqoriligicha saqlanib qolmoqda.

 

Maʼlumot uchun, 2022-yil 31-dekabr kuni cheklov kiritilmagan va kunlik elektr energiyasi isteʼmoli 220 million kilovatt/soatni tashkil etgan. Birgina Toshkent shahrida 13-yanvar kuni elektr energiyasi isteʼmoli 32 million kilovatt/soatdan ortib, turli sabablarga (avariyaviy holatlar va cheklovlar) koʻra 1 million kilovatt/soat elektr energiyasi isteʼmolchilarga yetkazib berilmadi.

 

“Tabiiy gazni aholiga yoʻnaltirish uchun issiqlik elektr stansiyalarida tabiiy gaz yoqish hajmi kamaytirilib, zaxiradagi mazut yoqilgʻisi rejaga nisbatan 3 barobarga koʻp yoqilmoqda. Oʻtgan kuz-qish mavsumiga nisbatan joriy kuz-qish mavsumida Chorvoq suv omborida suv sathining yuqoriligi sababli gidroelektr stansiyalar tomonidan rejaga nisbatan 170 foiz elektr energiyasi ishlab chiqarilmoqda”, deyiladi xabarda.

 

Tabiiy gaz tanqisligi kuzatilayotgan shu kunlarda isteʼmolchilar xonadonlarni isitish uchun elektr qurilmalaridan keng foydalanayotgani taʼkidlangan.. Natijada, birgina Toshkent shahrida bugungi kun davomida tarmoqlarda yuklamalarning ortishi hisobiga 1000 dan ortiq nosozliklar yuzaga kelgan. Nosozliklarni bartaraf etish ishlarni jadallashtirish maqsadida respublika boʻylab barcha hududiy elektr tarmoqlari korxonalaridan qoʻshimcha brigadalar Toshkentga jalb qilingan.

 

Vazirlik quyidagilarni tavsiya etadi:

 

– xonadonlarda bittadan ortiq elektrda ishlaydigan isitish qurilmalaridan foydalanmaslik;

– korxonalar va tashkilotlar xodimlarini vaqtincha onlayn ish rejimiga oʻtkazish;

– ortiqcha koʻcha chiroqlarini, reklama ekranlari va illyuminatsiyalar, shu jumladan, qurilishi tugallanmagan binolardagi chiroqlarni oʻchirish;

– energiya resurslaridan noqonuniy foydalanayotgan isteʼmolchilarga chora koʻrish lozim.

 

Qayd etilishicha, buning natijasida mazkur tejalgan energiya resurslarini aholi va ijtimoiy soha obyektlariga yoʻnaltirishga erishiladi. Energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlari toʻgʻrisida 1154, 1104, 105 telefon raqamlari orqali murojaat qilish mumkin.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//