Oʻzbekistonning davlat suvereniteti, sarhadlari daxlsizligi va hududiy yaxlitligini taʼminlash – tarix va kelajak avlodlar oldidagi muqaddas burchimiz – Prezident

Saqlash
23:00 / 13.01.2023 3193 1

Mudofaani boshqarish milliy markazida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev raisligida Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

 

Unda Xavfsizlik kengashi aʼzolari, Qurolli Kuchlarimizning qoʻmondonlik tarkibi, harbiy-maʼmuriy sektorlar rahbarlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

 

Yigʻilishda mamlakatimiz mudofaasi va xavfsizligini mustahkamlash boʻyicha 2022-yilda amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi.

 

Qayd etilganidek, oʻtgan yili ham Qurolli Kuchlarni boshqarish tizimini takomillashtirish, qoʻshinlarning jangovar shayligi va ruhiy tayyorgarligini oshirish, boʻlinmalarni zamonaviy qurol-yarogʻ va harbiy texnikalar bilan taʼminlash davom ettirildi.

 

Barcha kuch tuzilmalarining oʻzaro hamkorlikdagi axborot-kommunikatsiya tizimlari Qurolli Kuchlarni boshqarish jarayonlariga izchil integratsiya qilinmoqda. Davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilish tizimini takomillashtirish, jamoat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlar muntazam amalga oshirilmoqda. Qurolli Kuchlar boshqaruv organlari va qoʻshinlarni birgalikda tayyorlash tizimiga xorijiy armiyalarning ijobiy tajribalari joriy etilmoqda.

 

“Xalq va armiya – bir tan-u bir jondir” degan ezgu tamoyil oʻz natijasini berdi. Harbiy-maʼmuriy sektorlar faoliyati samarasida harbiy shaharchalar infratuzilmasi toʻliq yangilandi, yangi oʻquv poligonlari barpo etildi.

 

Vatan himoyachilarining ijtimoiy-huquqiy himoyasi ham mustahkamlandi. Oʻtgan yili 3 mingdan ortiq oilalar uy-joy bilan taʼminlandi. Harbiy ayollar mehnatini ragʻbatlantirish maqsadida “Toʻmaris” nishoni taʼsis etildi. Harbiy xizmatchilarning farzandlari oliy taʼlim muassasalariga imtiyozli asosda oʻqishga kirdi, rafiqalari va harbiy pensioner ish bilan taʼminlandi.

 

Yigʻilishda sohadagi dolzarb masalalar ham muhokama qilindi.

 

Hozirgi shiddatli geosiyosiy qarama-qarshiliklar sharoitida iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy, axborot xavfsizligi va boshqa sohalarda keskin muammolar paydo boʻlmoqda. Murakkab xalqaro vaziyat, xavfsizlikka nisbatan xavf-xatar va tahdidlarning kuchayishi Markaziy Osiyoda ham kuzatilmoqda.

 

 

Eng katta boyligimiz boʻlgan tinch hayotni asrash, xalqimiz farovonligini taʼminlash, kelajak rejalarimizni belgilashda ana shu holatlarning barchasini inobatga olishimiz zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev. Biz har qanday vaziyatda ham Oʻzbekistonning davlat suvereniteti, uning sarhadlari daxlsizligi va hududiy yaxlitligini taʼminlashimiz shart. Bu – bizning tarix va kelajak avlodlar oldidagi muqaddas burchimiz va majburiyatimizdir.

 

Shulardan kelib chiqib, navbatdagi ustuvor vazifalar belgilandi.

 

Avvalo, Qurolli Kuchlarni raqamlashtirishni jadallashtirish, sohadagi vazirlik va idoralarning barcha axborot resurslarini yagona xavfsiz axborot maydoniga birlashtirish zarurligi taʼkidlandi. Mudofaani boshqarish milliy markazi bu tizimning oʻzagi boʻladi.

 

Harbiy taʼlim dasturlarini ilgʻor tajriba asosida yangilash, pedagoglar malakasini oshirish, Harbiy injenerlar maktabini tashkil etish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

 

Mamlakatimizning safarbarlik sohasidagi tayyorgarligi va hududiy mudofaasini tashkil etish tizimini tubdan qayta koʻrib chiqish vazifasi qoʻyildi. Qoʻmondonlik tarkibining qoʻshinlarni boshqarish va vositalarni qoʻllash boʻyicha malakasini oshirishi zarurligi qayd etildi.

 

Harbiy xizmatchilarning axloqiy-ruhiy va jangovar tayyorgarligini kuchaytirish, yoshlarda vatanparvarlik tuygʻusini yuksaltirish boʻyicha tavsiyalar berildi.

 

– Bizga bu kuchni chetdan izlashning hojati yoʻq. Shonli tariximiz, boy ilmiy va madaniy merosimiz, bahodir ajdodlarimizning hayoti va faoliyati biz uchun chinakam ibrat maktabi, – dedi davlatimiz rahbari.

 

Dunyoda roʻy berayotgan gibrid xarakterdagi qurolli toʻqnashuvlar tahlili Qurolli Kuchlarimiz jangovar qobiliyatini oshirishni taqozo etmoqda. Shu bois milliy armiyani zamonaviy texnikalar bilan taʼminlash, jumladan, harbiy aviatsiya va havo hujumidan mudofaa tizimini rivojlantirish dolzarbligi taʼkidlandi.

 

Harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy himoya qilish masalalariga eʼtibor qaratildi. Ular uchun ipoteka asosida koʻp qavatli uylar qurish, harbiy xizmatchilarning pensiya taʼminotini tartibga solish, harbiy tibbiyot muassasalari sharoitlarini yaxshilash boʻyicha topshiriqlar berildi.

 

 

Yigʻilishda Xavfsizlik kengashi aʼzolari, harbiy-maʼmuriy sektorlar rahbarlari soʻzga chiqdi. Mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini yanada mustahkamlash boʻyicha chora-tadbirlar belgilandi.

 

Soʻzining yakunida Prezident barcha harbiylarni, butun xalqimizni Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 31 yilligi va Vatan himoyachilari kuni bilan tabrikladi.

1 Izoh

Жонни

12:01 / 01.01.1970

хавфсизлигимизга кўз тегмасин

Izoh qoldirish

//