Jahon
Kashmirlik matematika oʻqituvchisi Bilol Ahmad deyarli 13 yillik mashaqqatli mehnatdan soʻng oʻz uyida quyoshdan quvvat olib ishlaydigan mashina yasadi.
Quyosh avtomobili har jihatdan zamonaviy boʻlib, barcha turdagi eng soʻnggi gadjetlar bilan jihozlangan va toʻliq avtomatlashtirilgan. Hatto mashinasining eshiklari Transformerlar filmidagi kabi uzoqdan ochiladi.
Bilol Ahmad 1998-yilda ishlab chiqarilgan Nissan Misra avtomobilining asosiy modelini elektromobilga aylantirgan. “Menga ushbu mashinaning dizayni yoqdi va bu loyiha uchun eng zoʻr mashina ekanini his qildim. Ammo bu mashinada dvigatelni vitesga ulash men duch kelgan eng qiyin muammolardan biri edi. Keyinchalik men unga quyosh panellarini oʻrnatdim”, — deydi u.
Mashinaning deyarli butun tashqi qismi qora rangdagi quyosh panellari bilan qoplangan. Avtomobilning bu quyosh panellari har qanday yoʻnalishda aylanishi mumkin va bu narsa avtomobilni yanada oʻziga xos qiladi. Mashina yuqori kilovattli dvigatel bilan ishlaydi va yoʻlda oddiy mashina kabi harakat qiladi. Ushbu quyosh avtomobilida besh kishi bemalol oʻtirishi mumkin.
Bilol mashinaga zaryadlanuvchi akkumulyatorni ham oʻrnatgan, shuning uchun uni istalgan zaryadlovchi stansiyada quvvatlantirish oson.
Bilolning aytishicha, avtomobilning quyosh panellari avtomatik ravishda quyosh nuri koʻproq tushadigan tomonga aylanadi. Bu xususiyat qishda bulutli boʻlgan Kashmir kabi joylarda katta ahamiyatga ega. Oddiy quyosh panellari odatda bunday ob-havoda 20 foizdan 30 foizgacha kamroq ishlaydi. Shuning uchun u monokristalli quyosh panellaridan foydalangan, mashina hatto kam quyosh nurida ham yaxshi ishlaydi.
Muallifning soʻzlariga koʻra, uning mashinasi bugungi zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan. Shunga qaramay, uning narxi bozorda mavjud elektromobildan ancha past. Bilolning aytishicha, agar mashina koʻp miqdorda ishlab chiqarilsa, uning narxi atigi 6-8 million (mahalliy valyutada) atrofida boʻladi. Biroq bu mashinani yasash uchun Bilol 15 million sarfladi. Bunga uning yillar davomida koʻplab tajribalar qilgani sabab boʻlgan.
Avtomobil ishlab chiqarishdan oldin, 2009-yilda Bilol Ahmad LPG boshqaruv xavfsizlik moslamasini ishlab chiqdi va patentladi. Agar kimdir gaz regulyatorini oʻchirishni unutib qoʻysa, Bilolning LPG boshqaruv moslamasi gazni oʻchiradi. Qurilmani istalgan joydan telefon orqali masofadan turib boshqarish mumkin.
Ushbu ajoyib mashinani yaratgandan soʻng, u keng omma uchun tabiiy vositalar bilan ishlaydigan mashinani ishlab chiqishni oʻyladi. Oʻshandan soʻng quyosh avtomobilini ixtiro qilish ishlari boshlangan.
Bilolning aytishicha, dastlab u nogironlar uchun vodorod gazida ishlaydigan mashina ishlab chiqarishni rejalashtirgan. Ammo bir necha oylik asosiy ishdan soʻng, moliyaviy qiyinchiliklar tufayli loyihani toʻxtatishga toʻgʻri kelgan.
“Men har doim jamiyat uchun yaxshiroq narsa qilishni xohlardim. Juda koʻp oʻylardim, bugungi zamonda aholi uchun arzon va barqaror transport turi boʻlishi kerak. Shunday qilib, men 2009-yilda oʻzimning hovlimdan bu orzum loyihasini boshladim.
Resurslarning yetishmasligi Kashmirning asosiy muammosidir. Ushbu mashina ustida ishlayotganimda, men koʻpincha asboblarni sotib olish muammosiga duch keldim. Ilgari mahalliy bozorlardan mahsulot sotib olish uchun koʻp vaqt va mablagʻ sarflanardi. Shuning uchun men koʻp marta faqat eski mahsulotlardan foydalanardim”, — deydi Bilol Ahmad.
Shu bilan birga, u koʻp marta Internet orqali baʼzi narsalarni buyurtma qilgan. Bilolning aytishicha, bir marta sensor sotib olish uchun bir yildan koʻproq vaqt ketgan.
Shu tariqa unga avtomobil loyihasini ishlab chiqish uchun yetti yil kerak boʻldi. U fikr-mulohazalar asosida elektromobiliga tez-tez kichik oʻzgarishlar kiritgan. Nihoyat, koʻp yillik mashaqqatli mehnat oʻz samarasini berdi va u ishlab chiqargan mashina butun mamlakat boʻylab, jumladan Kashmirda mashhur boʻldi.
Koʻplab siyosatchilardan tortib, taniqli shaxslargacha bu muallimning innovatsion saʼy-harakatlarini yuqori baholadilar. Lekin Bilol harakatdan toʻxtagani yoʻq, u hali ham bu mashinaga qandaydir oʻzgartirishlar kiritish orqali oddiy odamlar uchun qulay mashinaga aylantirish payida.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q