Qisqa muddatli elektr taʼminotidagi uzilishlar jadvalga muvofiq davom etadi – Energetika vazirligi

Saqlash
15:08 / 06.01.2023 1282 0

Energetika vaziri raisligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida energetika tizimini yaqinlashib kelayotgan sovuq ob-havoga tayyorlash boʻyicha barcha zarur choralarni koʻrish topshirildi, deb yozadi vazirlik axborot xizmati.

 

Qayd etilishicha, birinchi navbatda aholi va ijtimoiy soha obyektlariga elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz hamda koʻmir mahsulotini barqaror yetkazib berish choralari koʻrilishi taʼkidlangan. Buning uchun:

 

1. Avtomobillarga gaz toʻldirish kompressor shoxobchalari faoliyatiga kiritilayotgan cheklovlar davom ettiriladi;

 

2. Yirik ishlab chiqarish korxonalariga tabiiy gaz yetkazib berish hajmi keskin kamaytiriladi;

 

3. Energotizimdagi yirik isteʼmolchilarning kunlik elektr energiyasi isteʼmoli kamaytiriladi va tejalgan 11-12 mln kVt-soat elektr energiyasi aholi isteʼmoliga yoʻnaltiriladi;

 

4. Energotizimda sodir boʻlishi mumkin boʻlgan yirik avariyalarni oldini olish, barcha isteʼmolchilarni bir maromda elektr energiyasi bilan taʼminlash maqsadida mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan holda tasdiqlangan grafiklarga asosan qisqa muddatli cheklovlar kiritiladi;

 

5. Elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi issiqlik elektr stansiyalari va markazlarning barqaror ishlashini taʼminlash maqsadida kuniga oʻrtacha 49 mln kub metr tabiiy gaz yetkazib beriladi;

 

6. Bugungi kunda mazkur stansiyalar uchun 90 ming tonna mazut va 280 ming tonna koʻmir yoqilgʻisi zaxirasi yaratildi;

 

7. Isteʼmolchilarga kunlik koʻmir yetkazib berish hajmi 5000 tonnadan 8000 tonnaga oshiriladi.

 

Yigʻilishda sovuq kunlarda elektr energiyasiga boʻlgan talab ortishi natijasida elektr tarmoqlari va transformator punktlarida ham yuklamalar keskin oshishi taʼkidlandi.

 

Bunda dispetcherlar mahalliy hokimliklar va hududiy elektr tarmoqlari korxonalari tomonidan tasdiqlangan cheklov grafiklariga qatʼiy amal qilishlari, yaʼni belgilangan muddatdan ortiq cheklovlar kiritmasligi aytildi.

 

Ikki soatdan oshmagan vaqt oraligʻida hududlar kesimida joriy etilayotgan cheklov grafiklari barcha viloyat hududiy elektr tarmoqlari korxonalarining ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida eʼlon qilib borilishi taʼminlanadi.

 

Shuningdek, anomal sovuq kunlarida tarmoqlarda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan nosozliklarni bartaraf etish uchun elektr va gaz taʼminoti korxonalarida tunu-kun ishlaydigan 1000 dan ortiq maxsus brigada tashkil etildi. Ushbu brigadalar muammolarni tezkorlik bilan bartaraf etilishini taʼminlaydi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//