Oʻzbekiston TIV Afgʻonistonda ayollarning taʼlim olishiga taqiq qoʻyilganiga munosabat bildirdi

Saqlash
14:32 / 06.01.2023 1302 0

Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi Afgʻonistonda ayollarning oliy oʻquv yurtlarida taʼlim olishiga taqiq qoʻyilgani yuzasidan rasmiy bayonot berdi.

 

Bayonotda xotin-qizlarning taʼlim olishiga taqiq qoʻyilgani toʻgʻrisidagi xabar chuqur tashvish bilan qabul qilingani haqida soʻz boradi.

 

“Afgʻonistonda xotin-qizlarning davlat va xususiy oliy oʻquv yurtlarida taʼlim olishiga taqiq qoʻyilgani toʻgʻrisidagi xabarni chuqur tashvish bilan qabul qildik.

 

Afgʻon xalqining tinch va farovon kelajakni barpo etish yoʻlidagi intilishlarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan qatʼiyat belgisi sifatida ushbu qaror qayta koʻrib chiqilishiga umid qilamiz”, — deyiladi bayonotda.

 

Eslatib oʻtamiz, 2022-yil dekabr oyida Afgʻonistondagi hukmron “Tolibon” harakati afgʻon ayollariga universitetlarda oʻqishni taqiqlab qoʻydi. Taʼlim vazirligi bayonotiga koʻra, ayollarning universitetlarga kirishiga cheklov zudlik bilan va muddatsiz kuchga kiradi.

 

Oʻtgan yili “Tolibon” qizlarning oʻrta maktablarda oʻqishini ham taqiqlagandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//