Qalin tuman sabab ikki aeroport faoliyati cheklandi

Saqlash
19:01 / 30.12.2022 3010 0

Noqulay ob-havo sharoiti sabab Toshkent va Andijon xalqaro aeroportlari faoliyati vaqtinchalik cheklandi. Qalin tuman tufayli bir nechta xalqaro va mahalliy aviareyslar boshqa muqobil aeroportlarga yoʻnaltirildi.

 

Noqulay ob-havo sharoiti Toshkent va Andijon xalqaro aeroportlari ishining cheklanishiga sabab boʻldi. Bu haqda Uzbekistan Airports xabar berdi.

 

Xususan, Toshkent aeroportida quyuq tuman sababli koʻrinishning yomonlashishi (250 m) Uzbekistan Airways aviakompaniyasining HY9614 (Moskva — Toshkent) reysi Samarqanddagi muqobil aerodromga yoʻnaltirilishiga sabab boʻldi.

 

HY336 (Jidda — Toshkent) reysi esa Navoiy xalqaro aeroportiga yoʻnaltirildi. Ob-havo yaxshilangach, bort yoʻlovchilar bilan poytaxt aeroportiga uchib keldi.

 

Andijon aeroporti ham noqulay ob-havo sharoiti tufayli vaqtincha yopildi. Uzbekistan Airways aviakompaniyasining HY091 (Toshkent — Andijon) va HY049 (Andijon — Samarqand) reyslari Fargʻona aeroportidan oʻzgartirilgan jadvalga muvofiq amalga oshiriladi.

 

“Andijon aeroporti rahbariyati tomonidan yoʻlovchilar uchun Fargʻona aeroportiga transport tashkil qilindi”, — deyiladi xabarda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//