Shavkat Mirziyoyev MDH norasmiy sammitida ishtirok etdi

Saqlash
01:23 / 27.12.2022 1506 0

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26-dekabr kuni Sankt-Peterburg shahrida Vladimir Putin tashabbusi bilan oʻtkazilgan MDH davlatlari rahbarlarining norasmiy uchrashuvida ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

 

Sammitda Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozogʻiston prezidenti Qosim-Joʻmart Toqayev, Qirgʻiziston prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon, Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov va Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan ham qatnashdi.

 

 

Qayd etilishicha, sammitda joriy yildagi hamkorlik yakunlari sarhisob qilinib, boʻlajak 2023-yil uchun ustuvor vazifalar muhokama qilindi. Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

 

Bugungi kunda Oʻzbekiston MDH doirasidagi hamkorlikni uch yoʻnalishda: siyosat va xavfsizlik borasida, iqtisodiy va gumanitar sohalarda rivojlantirmoqda. MDH makonida toʻlaqonli erkin savdo hududini shaklantirish va transport jihatidan oʻzaro bogʻliqlikni mustahkamlash ustuvor vazifalardir.

 

Sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish, oziq-ovqat, energetik va ekologik xavfsizlikni taʼminlashga qaratilgan milliy dastur va strategiyalarni amalga oshirish boʻyicha saʼy-harakatlarni birlashtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

 

Keyingi yillarda Oʻzbekiston Hamdoʻstlik faoliyatidagi ishtirokini faollashtirdi, 40 dan ortiq koʻp tomonlama bitimlarni imzoladi hamda MDHning 23 ta tarmoq organlariga qoʻshildi.

 

2022-yilda Oʻzbekistonning hamdoʻstlik mamlakatlari bilan tovar ayirboshlashi uchdan bir hissaga ortgan, mingdan ziyod qoʻshma korxonalar tashkil etilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//