Afg‘oniston oliy ta’lim vaziri nima sababdan OTMlarda ayollar o‘qishi taqiqlanganini aytdi

Saqlash
15:12 / 23.12.2022 1970 0

20-dekabr kuni Afg‘oniston muvaqqat hukumatining Oliy ta’lim vazirligi talaba qizlarning universitet o‘qish jarayonlarida ishtirok etishini to‘xtatib qo‘yish haqida buyruq bergandi. Mamlakatning oliy ta’lim vaziri vazifasini bajaruvchi Neda Muhammad Nadim buning to‘rtta sababini aytib o‘tdi.

 

Uning so‘zlariga ko‘ra, yotoqxonalarda ayollarning borligi va ularning hududlardan erkak hamrohsiz kelishi, talabalarning hijobga rioya qilmasliklari, ayollar va erkaklar bir darsxonada aralash o‘tirib ta’limni davom ettirishlari, qizlar uchun «Islom shariati va Afg‘oniston g‘ururi»ga zid bo‘lgan ba’zi fakultetlarning mavjudligi bunga asos bo‘lgan.

 

«Hozirgi o‘quv dasturida kamida 160 ta yo‘nalish mavjud. Unda ayollarning qadr-qimmati va g‘ururiga va afg‘on madaniyatiga zid bo‘lgan ba’zi sohalar bor edi. Mashinasozlik va qishloq xo‘jaligi ularning bir qismidir», dedi Nadim.

 

Uning aytishicha, Afg‘oniston shariat qonunlariga asoslangan ayollar huquqlariga sodiqdir. «Bu har kimga o‘z huquqlarini berish mas’uliyatidir», dedi u.

 

Mazqur qarordan so‘ng mamlakatdagi ayrim OTMlarda norozilik harakatlari bo‘ldi. Xususan, Nangarhor tibbiyot universitetining erkak talabalari norozilik sifatida darsdan chiqib ketishdi. Yana o‘nlab kishilar universitet oldida bu qarorga qarshi namoyishga chiqdi.

 

Shuningdek, ayollar uchun oliy ta’limning to‘xtatilishi bilan bog‘liq turli reaksiyalarga javoban Nadim xalqaro hamjamiyat Afg‘onistonning ichki ishlariga aralashmasligi kerakligini aytdi.

 

«Biz ularni ichki ishlarimizga aralashmaslikka chaqiramiz. Ular bir tomondan opa-singillarimizning huquqlarini ta’minlashga chaqirishsa, ikkinchi tomondan mamlakatdagi musulmonlarga cheklov qo‘ymoqda», – dedi Nadim.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish