26-dekabrdan 1000 soʻmlik tanga pullar muomalaga chiqariladi

Saqlash
10:12 / 22.12.2022 1017 0

Markaziy bankning maʼlum qilishicha, nominal qiymati 1000 soʻm boʻlgan tanga koʻrinishidagi pul belgisi 2 xil rangdagi kombinatsiyadan iborat boʻlib, ichki aylanasi sariq rangli mis va latun, tashqi aylanasi kumush rangli nikel qotishmasidan tayyorlangan.

 

Tanga diametri – 26,27 mm., ichki disk diametri – 17,6 mm., qalinligi – 1,6 mm., ogʻirligi – 7,3 gr.

 

Tanganing old tomonida (avers) Toshkent shahrida bunyod etilayotgan “Islom sivilizatsiyasi markazi”ning binosi tasvirlangan. Uning pastki qismida botiq holda tanga qiymati “1000” raqami va lotin bosma harflarida “soʻm” soʻzi yozilgan.

 

Orqa tomoni (revers) markazida Oʻzbekiston Davlat gerbi tasvirlangan. Gerbning tashqi aylanasi boʻylab bosma lotin harflarida aylanasimon koʻrinishda “OʻZBEKISTON MARKAZIY BANKI” soʻzlari yozilgan.

 

Gerbning ostida tanga namunasi tasdiqlangan yil – “2022” raqami koʻrsatilgan. Tanganing yon qirrasi silliq ishlangan.

 

Markaziy bankning qoʻshimcha qilishicha, muomalaga chiqarilayotgan 1000 soʻmlik tanga koʻrinishidagi pul belgilari bugungi kunda muomalada boʻlgan 2001-yil namunasidagi 1000 soʻmlik banknotlar bilan bir qatorda (parallel ravishda) muomalada boʻladi. Yaʼni, 2001-yil namunasidagi 1000 soʻmlik banknotlar ham toʻlov qobiliyatini yoʻqotmaydi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish