Ulug‘ iqtidor va buyuk qalb sohibasini xotirlab

Saqlash
17:12 / 21.12.2022 1341 0

Mamlakatimizda 2022–2026-yillarda xotin-qizlarning iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida faolligini oshirish bo‘yicha milliy dasturda “O‘zbekiston tarixida chuqur iz qoldirigan ma’rifatparvar ayollarning ibratli hayot yo‘lini keng ko‘lamda targ‘ib etish” maqsadida ularning yubiley sanalarini nishonlash nazarda tutilgan.

 

 

Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti akademigi,tarix fanlari doktori, boburshunos olima Sabohat Azimjonovaning 100 yilligiga bag‘ishlab “Sabohat Azimjonova – buyuk iqtidor va buyuk qalb egasi” mavzusida xotira kechasi o‘tkazildi.

 

O‘zR FA, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi hamkorligidagi mazkur tadbirda Bosh vazir o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova, O‘zR FA vitse prezidenti, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti direktori Bahrom Abduhalimov, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari o‘rinbosari Furqat Jo‘raqulov va boshqalar qatnashdilar.

 

 

Sabohat Azimjonova (1923–2001) – sharqshunos olima, boburshunos, tarix fanlari doktori (1969), professor, O‘zR FA akademigi (2000). U o‘zining 79 yillik hayoti davomida fan olamida o‘ziga haykal qo‘yib ketgan buyuk iqtidor egasidir.

 

S.Azimjonova 1942-yil Toshkent pedagogika institutini tamomlagan. Mehnat faoliyati davomida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida katta ilmiy xodim (1949), institut direktori (1950–1977), bo‘lim boshlig‘i (1977–1995), yetakchi ilmiy xodim (1995 yildan) sifatida xizmat qilgan.

 

Zahmatkash olima 150 dan ortiq ilmiy maqola va risolalar muallifidir. Asosiy ilmiy ishlari Boburning Kobul va Hindistondagi faoliyati, O‘rta Osiyoning o‘rta asrlarda xorijiy mamlakatlar bilan o‘zaro siyosiy va iqtisodiy munosabatlariga bag‘ishlangan.

 

Asarlari Eron, Afg‘oniston, Hindiston, Fransiyada chop etilgan. Gulbadanbegimning «Humoyunnoma»sini fors tilidan tarjima qilib, Toshkentda (1959, 1977) va fransuz tilida Parijda (1996) nashr ettirgan.

 

Olima Beruniy nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti sohibi (1989), Javoharla’l Neru xalqaro mukofoti (1993) laureati hamdir.

 

 

“Sabohat Azimjonova – buyuk iqtidor va buyuk qalb egasi” mavzusidagi xotira kechasida fan arboblari, olimlar va olimaning yaqinlari tomonidan bildirilgan fikrlar, iliq xotiralar yig‘ilganlarda katta tassurot qoldirdi. O‘zbekiston qahramoni va professor olima Munojot Yo‘lchiyeva tomonidan ijro etilgan qo‘shiqlar tadbirga alohida fayz berdi. O‘zbekiston xalq artisti Gavhar Zokirova esa akademik, boburshunos olimaning hayot yo‘li har bir o‘zbek ayoli uchun ibratli ekanligini mamnuniyat bilan ta’kidlab, bugungi kunda xotin-qizlarga yaratilayotgan shart-sharoitlardan unumli foydalanib, mamlakatimiz fan va ta’limini rivojlantirishga har bir ayol munosib hissasini qo‘shishi oliy sharaf ekanligiga to‘xtalib o‘tdi.

 

Olimaning hayot yo‘liga nazar solar ekanmiz, oddiy o‘zbek ayolining fanga qo‘shgan hissasi va oilaparvarligi har birimiz uchun ibrat ekanligini e’tirof etamiz.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish