Aydar-Arnasoy koʻllari ijaraga berilib klaster usulida baliq yetishtiriladi

Saqlash
15:44 / 09.11.2021 997 0

Davlatimiz rahbari 8-noyabr kuni Aydar-Arnasoy koʻllar tizimida ekologik barqarorlikni saqlash va ekoturizmni rivojlantirish masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi.

 

Bu haqda Shavkat Mirziyoyev Navoiy va Jizzax viloyatlarida boʻlgan saylovoldi uchrashuvlarida aytgan edi. Yigʻilishda shu boradagi aniq rejalar va erishiladigan natijalar koʻrib chiqildi.

 

Hududda ekoturizmni rivojlantirish uchun, avvalo, suv hajmi barqarorligini taʼminlash, bioxilma-xillikni asrash kerakligi taʼkidlandi. Koʻllar atrofida qoʻshimcha sayyohlik zonalari va dam olish maskanlari barpo etish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Shu bilan birga, Aydar-Arnasoy koʻllar tizimining mavjud imkoniyatlaridan keng foydalangan holda bu yerda baliqchilikni yanada rivojlantirish kerakligiga urgʻu berildi.

 

Bugungi kunda ushbu hududdan yiliga bor-yoʻgʻi 4 ming tonna baliq ovlanmoqda. Sharoit yaratish va ishlarni tizimli tashkil qilish hisobiga, bu hajmni 20 ming tonnaga yetkazish va bu orqali yangi ish oʻrinlari yaratish mumkin. Shu bois, tadbirkorlarni jalb qilib, koʻllarni ijaraga bergan holda, klaster usulida baliq yetishtirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

 

Shunday loyihalarni koʻpaytirish, kreditlar ajratib, har tomonlama qoʻllab-quvvatlash zarurligi taʼkidlandi.

 

Mutasaddilarga Aydar-Arnasoy koʻllar tizimining ekologik holatini yaxshilash boʻyicha dastur qabul qilish vazifasi qoʻyildi. Uning doirasida koʻllar tizimida suv sathini barqaror saqlash va shoʻrlanish darajasini kamaytirish choralari koʻriladi. Qirgʻoqlar boʻyidagi 800 gektar yerda daraxt va butalar ekiladi.

 

Hududda ekologik xavfsizlikni kuchaytirish, brokonerlik va boshqa huquqbuzarlikning oldini olish boʻyicha ham topshiriqlar berildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//