Oʻzbekistonda olimpiya va paralimpiya zaxiralari kollejlari tashkil etiladi

Saqlash
22:15 / 08.11.2021 1461 0

“Sport taʼlimi tizimini tubdan takomillashtirish orqali olimpiya va paralimpiya sport turlari boʻyicha sportchilar zaxirasini shakllantirish sifatini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

 

Qarorga koʻra, Olimpiya zaxiralari kollejlari negizida Taʼlimning xalqaro standart tasniflagichining 5-darajasiga mos taʼlim muassasasi shaklidagi olimpiya va paralimpiya zaxiralari kollejlari tashkil etiladi.

 

2022/2023 oʻquv yilidan (2022-yil 1-sentyabrdan):

 

olimpiya va paralimpiya zaxiralari kollejlari kontingenti faqat olimpiya va paralimpiya sport turlari boʻyicha shakllantiriladi (bundan milliy kurash hamda alohida Hukumat qarorlari bilan belgilangan sport turlari mustasno);

 

Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi tavsiyasiga asosan mazkur kollejlarning tegishli paralimpiya sport turlari boʻlimlariga yuborilayotgan jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan sportchilar uchun 10 foizgacha qoʻshimcha kvotalar ajratiladi;

 

taʼlim jarayoni umumiy oʻrta taʼlim hamda oʻrta maxsus professional taʼlim bosqichlarida amalga oshiriladi;

 

olimpiya va paralimpiya zaxiralari kollejlari, shuningdek, bolalar-oʻsmirlar sport maktablari hamda ixtisoslashtirilgan bolalar-oʻsmirlar sport maktablarida qabul kvotalari erkaklar va ayollar uchun 2024/2025 oʻquv yilidan teng ravishda belgilanadi (2022/2023 oʻquv yilida ayollar ulushi 30 foiz, 2023/2024 oʻquv yilida – 40 foiz, 2024/2025 oʻquv yilida – 50 foizni tashkil qiladi);

 

oʻquvchilarni tekin (imtiyozli) ovqatlantirish xarajatlarini qisman qoplash uchun ota-onalar toʻlovi bekor qilinadi.

 

Qaror bilan shuningdek, Respublika olimpiya zaxiralari kolleji bazasida uch yillik «spetsialitet» dasturni amalga oshiradigan davlat OTM shaklidagi ixtisoslashtirilgan Oliy sport mahorati instituti tashkil qilinadi.

 

Institutga faqat olimpiya va paralimpiya zaxiralari kollejlarini bitirib olimpiya sport turlari boʻyicha milliy terma jamoa aʼzolari boʻlgan yoshlar sport natijalariga qarab hamda seleksiya boʻyicha davlat granti asosida oʻqishga qabul qilinadi.

 

2022-yil 1-avgustdan hududlarda iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya) maxsus sport tizimini boshqarish platformasi orqali amalga oshiriladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//