Ayollar va bolalar COVID-19ning yangi mutatsiyasiga chalinmoqda

Saqlash
15:12 / 07.12.2022 1398 0

Ayni yoz oylarida mamlakatimizda koronavirusning “omikron” shtammi BA.2 versiyasi yetakchilik qilgan edi. Bugungi kunga kelib bemorlarning qariyb barchasida BA.5 subvarianti koʻp uchramoqda. Ushbu yangi mutatsiya ayniqsa ayollar va bolalarda turli koʻrinishlar bilan keng tarqalyapti.

 

Xoʻsh, kasallik bemorlarda qanday belgilar bilan kechadi?


Mazkur savol yuzasidan Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori oʻrinbosari Hilola Alimova quyidagilarni maʼlum qildi.


— Oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan aholining immun tizimi nisbatan sust boʻladi. Shu bois ularning yuqumli kasalliklar, jumladan, koronavirusga chalinish ehtimoli yuqori, – deydi Hilola Alimova. – VA.5 subvarianti alomatlari avvalgi VA.2 versiyasi simptomlari bilan deyarli bir xil kechmoqda. Tumov, tomoqda ogʻriq va qizarish, OʻRVI, 3-5 foiz holatlarda allergiyaga moyilligi bor bemorlarda diareya hamda obstruksiya (boʻgʻilish xuruji) belgilari kuzatilyapti. Qolaversa, fon kasalliklari bor bemorlar, masalan, tutqanoq xastaligi mavjud bolalar, kardiologik muammolardan aziyat chekayotgan ayollar va oʻgʻil-qizlarda koronavirus nisbatan ogʻirroq kechmoqda.


Shuningdek, bu kasallik muddatiga yetgan, uchinchi oylikdan yuqori muddatdagi homiladorlarda (30 haftadan yuqori muddatlarda) jiddiy alomatlar bilan koʻrinish beryapti. Homilador ayollarda koronavirus yuqori harorat, bosh va mushaklarda ogʻriq, holsizlik, uyquchanlik, rinit va tonzillit belgilari bilan namoyon boʻlmoqda. Qolaversa, baʼzi bemorlarni kuchli yoʻtal, koʻkrak qafasida ogʻriqli jarayonlar bezovta qilyapti.


Mazkur versiyaning yashirin davri boshqa shtammlar singari 5-6 kun emas, 2-3 kunni tashkil etmoqda.

 

Shuni alohida taʼkidlashim lozimki, kasallik belgilari namoyon boʻlganda shifokorga murojaat qilmay, boshqa bemorlar yoki mutaxassis boʻlmagan kishilar bergan tavsiyalarga koʻra davolanish oqibatida ayrim bemorlarning umumiy ahvoliga salbiy taʼsiri kuzatilmoqda.


Kasallik belgilari kuchaygan bemorga, albatta shifoxonaga yotish tavsiya etiladi. Bunday bemorlarga qatʼiy tartibdagi davolanish choralari va doimiy mutaxassislar nazorati kerak boʻladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish