Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida yangi mukofotlar ta’sis etildi

Saqlash
22:12 / 30.11.2022 1391 0

Kecha, 29 noyabr kuni Hukumat qarori bilan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida “Mohir aloqachi” ko‘krak nishoni va “O‘z kasbining ustasi” belgisi ta’sis etildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

 

Qarorga ko‘ra, “Mohir aloqachi” ko‘krak nishoni bilan axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasini rivojlantirishga katta hissa qo‘shgan, kamida 15 yil mehnat stajiga ega fuqarolar taqdirlanadi. 

 

Shuningdek, “O‘z kasbining ustasi” belgisi esa axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan muhandis, elektromontyor, kabelchi, pochtachi, antennachi-machtachi, operator, feld’eger kabi ommaviy kasb egalariga topshiriladi.

 

Qayd etilishicha, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tizimidagi tashkilotlar ko‘krak nishoni hamda  “O‘z kasbining ustasi” belgisi bilan taqdirlash bo‘yicha takliflarni har yili 1 aprelgacha vazirlikka taqdim etishi lozim.

 

Ko‘krak nishoni hamda “O‘z kasbining ustasi” belgisi har yili 7 may – aloqa sohasi xodimlarining kasb bayrami arafasida topshiriladi.

 

Taqdirlanganlarga BHMning to‘rt yarim baravari (1 mln 350 ming so‘m) miqdorida biryo‘la to‘lanadigan pul mukofoti beriladi. Mazkur ko‘krak nishoni va belgi bilan bir shaxs faqat bir marta mukofotlanadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//