Toshkent viloyatida Zulfiya Zokirova haykal majmuasini qurish uchun 28 milliard soʻm mablagʻ ajratildi

Saqlash
18:28 / 06.11.2021 1911 0

Toshkent viloyati hokimi Davron Hidoyatov Nurafshon shahrida Zulfiya Zokirova haykal majmuasini qurish uchun 28,4 milliard soʻm hamda zamonaviy kutubxona binosini qurish uchun 6 milliard soʻm mablagʻ ajratish boʻyicha farmoyish chiqardi. Hujjat “E-qaror” elektron tizimiga joylashtirilgan.

 

Jami 34,4 milliard soʻm mablagʻ Toshkent viloyati mahalliy byudjetining 2021-yil III chorak yakunida shakllangan daromadlar rejasining orttirib bajarilgan qismi hisobidan «Toshkent viloyatida biznes markazlarini qurish direksiyasi» DUKka ajratiladi.

 

Bundan tashqari, farmoyishda viloyat hokimining avvalgi — 2021-yil 23-apreldagi farmoyishi asosida Nurafshon shahrida Zulfiya Zokirova nomiga haykal majmuasini qurish va atrofini obodonlashtirish ishlari uchun ajratilgan mablagʻdan ishlatilmagan 4,91 milliard soʻmlik qismini belgilangan tartibda viloyat mahalliy byudjetiga qaytarishi kerakligi aytilgan.

 

Maʼlumot uchun: Toshkent viloyati, Zangiota tumanidagi Xonobod qishlogʻida yashagan Zulfiya Zokirova turmush oʻrtogʻi vafot etgach besh oʻgʻil va bir qizni tarbiyalab voyaga yetkazgan. Ayol Ikkinchi jahon urushida besh azamat oʻgʻlining baridan ayrilgan.

 

2019-yil Xotira va qadrlash kunida prezident Shavkat Mirziyoyev Zulfiya Zokirova va uning frontdan qaytmagan besh oʻgʻli, sadoqatli kelinlari haqida gapirgan hamda ayol xotirasiga atab muhtasham haykal oʻrnatish hamda unga “Matonat madhiyasi” deb nom berish taklifini bildirgan edi.

 

2020-yil Toshkent shahridagi Gʻalaba bogʻi markazida bu haykal ochildi, shuningdek Zulfiya Zokirovaga bagʻishlab  “Ilhaq” badiiy film yaratildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//