Mutaxassis: Oshqozon yarasi oʻz vaqtida davolanmasa, saratonga aylanishi mumkin

Saqlash
22:02 / 29.11.2022 1047 0

Soʻnggi yillarda Yer yuzida ovqat hazm qilish tizimi kasalliklari, xususan, oshqozon yarasi bilan ogʻriyotgan bemorlar soni ortib bormoqda. Asosan 20-40 yosh atrofidagi erkaklarda uchraydigan bu xastalik yildan yilga yosharib, maktab oʻquvchilari, talabalar orasida ham tez-tez kuzatilyapti.

 

Xoʻsh, bu kasallikdan qanday saqlanish mumkin? Uni aniqlash va davolash usullari nimalardan iborat? Shu haqidagi savollarimizga Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi boʻlim rahbari, tibbiyot fanlari doktori Olim Gʻulomov javob berdi.

 

– Toʻsatdan ishtaha yoʻqolishi, koʻngil aynishi, kuchli ogʻriq bezovta qilganda koʻpchilik bunga yetarli eʼtibor bermaydi, – deydi shifokor. – Oʻz bilganicha davo choralarini izlaydi. Aslida esa ushbu belgilar oshqozon yarasi kasalligi alomati boʻlishi mumkin.

 

Bu xastalik surunkali boʻlib, oshqozon, oʻn ikki barmoqli ichak va boshqa ovqat hazm qilish aʼzolarida bemor hayotiga xavf soluvchi asoratlar bilan kechadi.

 

Oshqozon yarasi bir qancha umumiy belgilar bilan namoyon boʻladi: och qoringa tungi ogʻriqlar, ishtahaning pasayishi, baʼzida butkul yoʻqolishi, koʻngil aynishi, baʼzida qayt qilish shular jumlasidan.

 

Ogʻriqlar koʻp hollarda toʻsh orti va yurak sohasida kuzatiladi. Kasallik odatda erta bahor va kech kuzda qoʻzgʻaydi. Baʼzida bemorlar oʻzlaricha dorilarni qabul qilib, shifokorga kech murojaat qilishadi. Natijada xastalikka kech tashxis qoʻyiladi va baʼzi asoratlar yuzaga keladi.

 

Sogʻlom ovqatlanish tartibiga rioya qilmaslik (uzoq vaqt quyuq taom yeyish, quruq non-choy bilan cheklanish, ovqatlanishlar orasidagi uzoq tanaffus), ishda va oiladagi nosogʻlom ruhiy holat, zararli odatlar (chekish, spirtli ichimlik isteʼmol qilish), irsiy omillar xavfli kasallik qoʻzgʻovchilari hisoblanadi.

 

Agar shifokorga oʻz vaqtida murojaat qilinmasa yoki berilgan tavsiyalarga quloq tutilmasa, ayrim asoratlar, xususan, yara teshilishi, penetratsiyasi, ichdan qon ketish va pilorus stenozi kuzatiladi. Eng yomoni, yara saratonga aylanib ketishi ham mumkin. Meʼdadan qon ketganida bemor qon qusadi.

 

Koʻp qon ketganda bosh aylanadi, darmon quriydi, arterial bosim pasayib, taxikardiya (yurak tez urishi) paydo boʻladi. Asoratlarning oldini olish uchun bemorlar yilda ikki marta: kuz va bahor oylarida shifokor koʻrigidan oʻtishi lozim.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//