Mirziyoyev 5 mamlakat elchisidan Ishonch yorliqlarini qabul qilib oldi

Saqlash
21:39 / 24.11.2022 1048 0

Bugun, 24 noyabr kuni xorijiy davlatlarning O‘zbekistonga yangi tayinlangan elchilari tomonidan Prezident Shavkat Mirziyoyevga ishonch yorliqlarini topshirish tantanali marosimi bo‘lib o‘tdi. 

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasi elchisi Kim Xi Sang, Qirg‘iz Respublikasi elchisi Musa Jamanbayev, Jazoir Xalq Demokratik Respublikasi elchisi Bumediyen Gennad, Qozog‘iston Respublikasi elchisi Beybut Atamkulov, Amerika Qo‘shma Shtatlari elchisi Jonatan Xenikdan ishonch yorliqlarini qabul qilib oldi.

 

 

Prezident yangi tayinlangan elchilarni samimiy qutlab, O‘zbekistonda diplomatik missiyasini boshlagani bilan tabrikladi.

 

Tadbirda jahonda kechayotgan murakkab geosiyosiy vaziyatda O‘zbekiston o‘zaro ishonch va hurmat, manfaatli hamkorlikka asoslangan vazmin tashqi siyosat yuritib, barcha davlatlar bilan ikki va ko‘p tomonlama sheriklikni mustahkamlab kelayotgani, Markaziy va Janubiy Osiyo, Yevropa va Amerika davlatlari, arab-musulmon mamlakatlari bilan aloqalar yangi bosqichga chiqqani aytilgan.

 

 

“Biz kelgusi 10 yilda mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti hajmini ikki barobarga oshirishni maqsad qilib qo‘yganmiz. Buning uchun bizda xohish-iroda ham, intilish va imkoniyatlar ham yetarli. Bunday ulug‘vor marralarga erishish uchun sarmoyalar hajmini kelgusi 5 yilda 120 milliard dollarga yetkazish, jumladan, kamida 70 milliard dollar xorijiy investitsiyalar jalb etishni hisob-kitob qilganmiz. Mamlakatimiz eshiklari jahon uchun, dunyo bozorlari esa yurtimiz uchun ochiq bo‘lishi kerak”, deydi Prezident Mirziyoyev.

 

Davlat rahbari yangi elchilar vakillari bo‘lgan davlatlar bilan har tomonlama va uzoq muddatli hamkorlikning istiqbollariga alohida to‘xtalib o‘tgan.

 

 

Marosim yakunida O‘zbekiston Prezidenti elchilarning mas’uliyatli va sharafli faoliyatiga katta muvaffaqiyatlar tilagan. O‘zbekiston bilan hamkorlikni mustahkamlash, hali ishga solinmagan salohiyatni ro‘yobga chiqarish, yangi “o‘sish nuqtalari”ni topish borasida faol va tashabbuskor bo‘lishga chaqirgan. 

 

Elchilar samimiy qabul va samarali faoliyatiga yaratilgan sharoitlar uchun minnatdorlik bildirib, ikki tomonlama aloqalarni yanada rivojlantirishga bor bilim va kuch-g‘ayratini yo‘naltirishini qayd etgan. 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//