Angren shahar hokimi Alisher Rayimovga “hayfsan” berildi

Saqlash
21:04 / 24.11.2022 1009 0

Angren shahri hokimi Alisher Raimov hududda qurilayotgan prezident maktabi taʼminotchilari bilan muloqot chogʻida haqoratli soʻzlar ishlatib, tadbirkorga soʻkingandi. Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati hokimga “hayfsan” intizomiy jazosi berilganini maʼlum qildi.

 

Shaharda qurilayotgan prezident maktabiga qurilish materiallari yetkazib berilishi masalasi yuzasidan muloqot davomida hokiminiki deyilgan ovoz egasi Latif ismli shaxsni “qamattirib qoʻygani”ni, taʼminotchi korxona qurilish materiallarini yetkazib bermasa, 1 mlrd soʻmga “uxlashi”ni aytgan, shuningdek, suhbatdoshlaridan birini qoʻpol ravishda soʻkib, haqorat qilgan.

 

Holat yuzasidan 19-noyabr kuni viloyat hokimligi Odob-axloq komissiyasining yigʻilishida ana shu masala koʻrib chiqilib, tegishli chora koʻrish uchun viloyat hokimi Zoyir Mirzayevga taqdimnoma kiritilgan edi.

 

Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayevning farmoyishiga binoan Vazirlar Mahkamasining “Davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori talablariga rioya qilmagani, davlat xizmatchisining kasb etikasini buzgani, mansab vakolatlarini suisteʼmol qilib, noqonuniy xatti-harakatlarni sodir etganligi uchun Angren shahar hokimi Alisher Raimovga nisbatan “hayfsan” intizomiy jazo chorasi qoʻllanildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//