Shavkat Mirziyoyev YETTB prezidenti Odil Reno-Basso bilan uchrashuv oʻtkazdi

Saqlash
19:12 / 16.11.2022 1538 0

“Koʻksaroy” qarorgohida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xorijiy investorlar kengashining birinchi yalpi majlisi hamda YEI va Markaziy Osiyo oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlik boʻyicha Samarqand konferensiyasida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso bilan uchrashuv oʻtkazdi.

 

Unda YETTB bilan samarali hamkorlikning joriy holati va uni kengaytirish istiqbollari koʻrib chiqilgan.

 

Uchrashuvda davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy qilish, xususan, energetika, transport-logistika, sogʻliqni saqlash, taʼlim, uy-joy kommunal xoʻjalik sohalarida DXSH loyihalarini amalga oshirish, “yashil” taraqqiyot, xotin-qizlar va yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash kabi ustuvor yoʻnalishlarda oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish yuzasidan fikr almashildi.

 

Odil Reno-Basso yurtimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni yuksak baholadi hamda sermahsul sheriklikni kengaytirishga tayyorligini bildirdi.

 

Kelgusi yilda Samarqand shahrida bank boshqaruvchilarining navbatdagi yillik yigʻilishini oʻtkazishga tayyorgarlikning amaliy jihatlari ham muhokama qilindi.

 

Uchrashuv yakunida mamlakatimizning YETTB bilan hamkorligini mustahkamlashga qaratilgan aniq tadbirlardan iborat “yoʻl xaritasi”ni qabul qilishga kelishib olindi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//