Internetda behayo videolari tarqalgan qiz 5 sutkaga qamaldi

Saqlash
15:08 / 16.11.2022 1465 0

Toshkent shahar sudlari axborot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda behayo videolari bilan tanilgan Sevinch Saʼdullayevaga nisbatan 5 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlanishiga oid sud ishi tafsilotlarini ochiqladi.

 

Maʼlum boʻlishicha, 2022-yil 11-noyabr kuni jinoyat ishlari boʻyicha Mirobod tuman sudida 21 yashar qizga oid maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish koʻrib chiqilgan va fuqaro Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 183-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni (Mayda bezorilik) sodir etgan deb topilgan.

 

“Ish hujjatlariga koʻra fuqaro N. U. ning Mirobod tumani IIO FMB boshligʻiga yozgan arizasi yuzasidan oʻtkazilgan tekshiruv natijasida S. S. ijtimoiy tarmoqlarda odob-axloq qoidalariga zid boʻlgan oʻzining ishtirokidagi video va rasmlarni jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan joylashtirib, jamoat tartibini buzib, fuqarolarning oʻrinli eʼtirozlariga sababchi boʻlgan.

 

Sudning qarori bilan S. S. ga 5 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlandi. Ushbu qaror ustidan qonunchilikda belgilangan tartib va muddatda Toshkent shahar sudiga apellyatsiya shikoyati (protesti) berilishi mumkinligi maʼlum qilinadi”, — deyiladi rasmiy munosabatda.

 

Toshkent shahar hokimi oʻrinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshligʻi Nodira Umarovaning Xabar.uzʼnashriga maʼlum qilishicha, Saʼdullayeva sud tomonidan belgilangan jazoni oʻtab chiqqach, kasb-hunarga oʻqitilib, doimiy ishga joylashtiriladi. Bundan tashqari, psixolog qizning axloqini toʻgʻri yoʻlga solish bilan ham shugʻullanishi taʼkidlangan.

 

“Toshkent shahar Oila va xotin-qizlar boshqarmasi, ichki ishlar boshqarmasi bilan hamkorlikda ijtimoiy tarmoqlarda oʻzining axloqsiz qiliqlari, behayo rasmlari va videolari bilan fuqarolarning muhokamasiga sabab boʻlgan 20 yoshli fuqaro S.S. ni (2001-yilda tugʻilgan) topib, oʻzi bilan gaplashildi.

 

Sud jarayonida qilgan ishlari notoʻgʻriligi, oʻzi afsusda ekanligini inobatga olib, unga nisbatan 5 sutka qamoq jazosi tayinlandi. Qamoq jazosidan soʻng fuqaro S.S. toʻliq nazoratga olinib, kasb-hunarga oʻqitilishi va doimiy ishga joylashtirishi belgilandi. Toshkent shahar oila va xotin-qizlar boshqarmasi tomonidan fuqaro bilan doimiy ish olib borilib, psixologlar yordamida korreksion ishlar oʻtkazilishi belgilab olindi”, — deya Nodira Umarovadan iqtibos keltirgan nashr.

 

Gazeta.uz nashrining yozishicha, maʼmuriy ish sudya Surayyoxon Xoʻjamqulova tomonidan koʻrib chiqildi. Yigʻilishda Mirobod tumani IIB boshligʻi oʻrinbosari Sh. Mirzayev, Mirobod tumani 4-sonli IIB xotin-qizlar bilan ishlash katta inspektori S.Baxmetova, profilaktika inspektori Sh. Bobojonov ham ishtirok etgan.

 

11-noyabr kuni boʻlib oʻtgan sud majlisida Sevinch Saʼdullayeva “oʻz ishtirokidagi video va fotosuratlarni ijtimoiy tarmoqlarda odob-axloq qoidalariga zid ravishda, jamiyatdagi xulq-atvor qoidalariga qasddan eʼtibor bermay, jamoat tartibini buzgan holda joylashtirgani, bu esa fuqarolarning asosli daʼvolariga sabab boʻlgani” taʼkidlangan. Ish materiallariga ashyoviy dalil sifatida 1 dona CD-disk ilova qilingan.

 

Sudda qiz qilmishidan afsusda ekanini aytib, Instagramʼdagi barcha video va fotosuratlarni oʻchirib tashlashishi, kelgusida boshqa bunday ish qilmasligini aytib yengilroq jazo berilishini soʻragan.

 

Sudya Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 183-moddasida koʻzda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgani uchun Saʼdullayevaga nisbatan besh sutka maʼmuriy qamoq jazosini tayinlagan. Ushbu modda sanksiyasida BHMning 3 baravaridan 5 baravargacha jarima (900 ming soʻmdan 1,5 mln soʻmgacha) ham yoki 15 sutkagacha maʼmuriy qamoqqa olish ham nazarda tutilgan.

 

Shuningdek, qizdan maʼmuriy qamoqxona foydasiga 225 ming soʻm (har bir hibsga olingan kun uchun BHMning 15 foizi) undiriladi.

 

Ijtimoiy tarmoqlardagi maʼlumotlarga koʻra, Sevinch Saʼdullayevaning 1,5 yashar farzandi bor. Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 29-moddasiga koʻra, maʼmuriy qamoq jazosi homilador ayollarga, uch yoshgacha bolasi boʻlgan ayollarga, oʻn toʻrt yoshgacha boʻlgan bolasini yakka oʻzi tarbiyalayotgan shaxslarga, oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslarga, birinchi va ikkinchi guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga nisbatan qoʻllanilishi mumkin emas.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//