Yevropa komissiyasi Oʻzbekistonga 83 mln yevro miqdorida maqsadli grantlar ajratadi

Saqlash
17:44 / 04.11.2021 1217 0

Toshkent shahrida Oʻzbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan Yevropa Ittifoqining mamlakatdagi delegatsiyasi bilan birgalikda rivojlanish sohasida hamkorlik masalalari boʻyicha Oʻzbekiston—Yevropa Ittifoqi kichik qoʻmitasining tashkil etilgan 4-yigʻilishi boʻlib oʻtdi, deb xabar berdi “Dunyo” agentligi.

 

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi maʼlumotiga koʻra, Yevropa komissiyasi delegatsiyasi hamda Yevropa Ittifoqiga aʼzo davlatlarning Oʻzbekistondagi elchixonalari, shuningdek, aloqador vazirlik va idoralar vakillari ishtirokida boʻlib oʻtgan tadbirga investitsiyalar va tashqi savdo vazirining oʻrinbosari Shuhrat Vafoyev va Yevropa komissiyasi departamenti boshligʻi Sara Rinaldi hamraislik qilgan.

 

Uchrashuv kun tartibidagi asosiy masalalar 2021–2027-yillarga moʻljallangan yangi dastur doirasida Yevropa komissiyasi bilan ikki tomonlama moliyaviy-texnikaviy hamkorlik istiqbollari va yoʻnalishlaridan iborat boʻlgan.

 

Xususan, qishloq xoʻjaligini qoʻllab-quvvatlash va “yashil oʻsish”, sud hamda transport-logistika tizimlarining boshqaruv samaradorligini oshirish va raqamlashtirish, investitsiyaviy muhitni yuksaltirish, shuningdek, Orolboʻyi mintaqasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yoʻnalishlarida loyiha va tadbirlarni amalga oshirish masalalariga toʻxtalib oʻtildi, deyiladi xabarda.

 

Yevropa tomoni Yevropa komissiyasining 2021–2024-yillarda Oʻzbekistonga 83 million yevro miqdorida maqsadli grantlar ajratish, shuningdek, Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish maqsadida Team Europe tashabbusi doirasida Yevropa Ittifoqiga aʼzo davlatlar bilan birgalikda moliyaviy va texnik hamkorlikni kengaytirish niyatida ekanini maʼlum qilgan.

 

Muzokaralar yakunida Yevropa komissiyasining 2021–2027-yillarga moʻljallangan yangi dasturi doirasida qoʻshma tashabbuslarni jadallashtirish va muvaffaqiyatli amalga oshirish maqsadida yaqindan hamkorlik qilishga kelishilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//