Jamiyat
Bugun, 15-noyabr kuni Toshkent shahrida Markaziy Osiyo mamlakatlarining “aql markazlari”, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari va xalqaro ekspertlar forumi boʻlib oʻtmoqda.
Forumda mintaqa mamlakatlaridan 100 dan ortiq jamoat va siyosiy arboblar, ekspertlar hamjamiyati, ommaviy axborot vositalari vakillari konstruktiv muloqot formatida mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari va vazifalarini muhokama qiladi. Bu Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanishning asosiy yoʻnalishlarida ekspertlarning yaxlit pozitsiyasini ishlab chiqish uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Qayd etilganidek, soʻnggi yillarda Markaziy Osiyoda oʻzaro ishonch va hamkorlikni mustahkamlash borasida ijobiy tendensiya yuzaga kelmoqda. Bu birgalikda erishilayotgan katta yutuq, barcha mintaqa mamlakatlarining hissasi. Bugungacha xavfsizlik, davlat chegaralari va suvdan foydalanish boʻyicha mintaqa ichidagi oʻtkir muammolar tizimli ravishda hal etilmoqda.
Transformatsiya va ochiqlik, hamkorlik va murosa mintaqa davlatlari rahbarlari oʻrtasidagi munosabatlar, hukumat rahbarlari va tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasidagi muloqotlarning faollashuviga xizmat qildi. Hamkorlikning oʻsib borayotgan surʼatlaridan barcha respublikalar manfaat koʻrmoqda.
Raqamlarga murojaat qilinsa: 2016-yildan 2021-yilgacha Markaziy Osiyo davlatlarining umumiy tashqi savdo aylanmasi 54 foizga oshib, 167 mlrd dollarni tashkil etganini koʻrish mumkin. Mintaqalararo tovar ayirboshlash hajmi 3 barobarga oʻsdi. Qoʻshma korxonalar soni 5 barobarga oshdi. Markaziy Osiyoga investitsiyalarning dunyodagi umumiy hajmidagi ulushi 1,6 foizdan 2,5 foizga oshib, 2021-yilda 34,3 mlrd dollarni tashkil etdi. Shu bilan birga, oʻzaro investitsiyalar 3 barobarga oshdi. Natijada, umummintaqaviy yalpi ichki mahsulot hajmi 20 foizga oshib, 329 mlrd dollarga yetdi.
Keng koʻlamli oʻzgarishlar va mintaqa taraqqiyoti sharoitida, umuman oʻtish davrida turli masalalar boʻyicha ekspertlar tahlili zarur. Integratsiya va yaqinlashuv jarayonlari yangi kun tartibini shakllantiradi, yangi masalalarni oʻrtaga tashlaydi. Hukumatlar, parlamentlar va boshqa tuzilmalar tomonidan muayyan tarmoqni, mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha uzoq muddatli strategiya va konsepsiyalarni ishlab chiqishda mutaxassislar koʻmagi talab etiladi. Bunda Markaziy Osiyoda faoliyat yuritayotgan “aql markazlari” salohiyatidan foydalanish maqsadga muvofiqdir.
Forumda milliy va xorijiy ekspertlar Markaziy Osiyo mamlakatlarida barqaror rivojlanishni taʼminlash, hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini belgilash, amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqishda tahliliy-tadqiqot markazlarining ishtirokini koʻrib chiqdi. Ularning fikricha, mintaqada oʻzaro ishonchni mustahkamlash, zamon chaqiriqlariga umumiy yondashuvni ishlab chiqishda “aql markazlari” (think tanks) muhim oʻrin tutadi.
Ishtirokchilarning taʼkidlashicha, Markaziy Osiyodagi vaziyatni tahlil qilishda mintaqaviy mustaqil ekspertlar vazirlik va idoralar, davlat “aql markazlari” tomonidan ilgari suriladigan “birinchi fikr (yoki qarash)“ga “muqobil fikr (yoki qarash)“ni ham berishi mumkin.
Koʻp hollarda aynan tadqiqot markazlari Markaziy Osiyo davlatlari bilan C5+1 formatlari doirasida hamkorlik qiluvchi AQSH va Yaponiya hukumatlariga, shuningdek, Markaziy Osiyo boʻyicha oʻzining yangi Strategiyasini amalga oshirayotgan Yevropa Ittifoqiga gʻoya va takliflarni yetkazib beradi.
Mintaqadagi nodavlat ekspertlar bahosiga ortib borayotgan ehtiyojni qondirish maqsadida Forum ishtirokchilari “Markaziy Osiyo mustaqil ekspertlar alyansi” platformasida ekspertlar tarmogʻini yaratish tashabbusi bilan chiqdi. Tarmoqning oʻziga xosligi Markaziy Osiyodagi asosiy jarayonlarni umummintaqaviy darajada oʻrganish boʻladi.
Doimiy faoliyat yurituvchi mustaqil ekspertlar platformasining tashkil etilishi mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalarini ishonchli, konstruktiv va ochiq muloqot formatida muhokama qilish, Markaziy Osiyodagi umumiy muammolarni hal etish imkonini beradi.Tadbir yakunida mintaqaviy hamkorlik va barqaror rivojlanish gʻoyalarini ilgari suruvchi Markaziy Osiyo ekspert-tahlilchilari tarmogʻini tuzish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi.
Markaziy Osiyo ekspertlari forumi “Yuksalish” umummilliy harakati, Oliy Majlis Senati hamkorligida Konrad Adenauer nomidagi fondning Markaziy Osiyo boʻyicha vakolatxonasi koʻmagida tashkil etilgan.
Sport
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q