Akademik Hasan Sharipov 75 yoshida vafot etdi

Saqlash
17:14 / 14.11.2022 1468 0

Taniqli olim – Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Umumiy va noorganik kimyo instituti direktori, professor, Axborotlashtirish xalqaro akademiyasining “Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar” boʻlimi akademigi Hasan Sharipov 75 yoshida vafot etdi.

 

H.Sharipov 1947-yil 13-aprel kuni Toshkent shahrida tugʻilgan. 1965-yil Moskvada M.V.Lomonosov nomidagi nozik kimyoviy texnologiya institutida tahsil olgan.

 

Keyinchalik 1976-yilda OʻzR FA Kimyo instituti fizik-kimyoviy tadqiqot usullari laboratoriyasining ilmiy xodimi lavozimida faoliyatini boshlagan. Koʻp vaqt oʻtmay Hasan Turobovich ushbu laboratoriyaning mudiri etib tayinlangan va deyarli 20 yil mobaynida oʻz ilmiy faoliyatini shu laboratoriya bilan chambarchas bogʻlab juda katta muvaffaqiyatlarga erishgan. 

 

Shuningdek, 1990-yilda “d- va f-metallar ayrim sinf noorganik birikmalarining kristallokimyosi va spektrokimyosi» mavzusida noorganik kimyo va fizikaviy kimyo ixtisosliklari boʻyicha doktorlik dissertatsiyasini yoqlaganlar va 1992-yilda professor unvonini olgan.

 

1995-yilda Axborotlashtirish xalqaro akademiyasining “Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar” boʻlimi boʻyicha akademiklikka saylangan. Hasan Turobovich ilmiy faoliyatini Xalqaro miqyosda tan olinishining yana bir isboti, uni 1994-yilda “Yangi materiallar” Ilmiy Kengashining “Kamyob metallar asosidagi materiallar” seksiyasining raisi etib saylanganligi edi.

 

H.Sharipov Xalqaro diplom va mukofotlarning sohibi. Shuningdek, I.Karimov nomidagi TDTU huzuridagi “Fan va taraqqiyot” DUKida ilmiy ishlar boʻyicha direktor muovini lavozimida muvaffaqiyatli faoliyat koʻrsatib, ushbu tashkilotda metallurgiya sohasidagi ilmiy izlanishlarni rivojlantirdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//