Toshkentda harakatlanayotgan avtobuslar soni maʼlum qilindi

Saqlash
17:26 / 07.11.2022 1842 0

Ayni paytda Toshkent shahridagi avtobuslar soni 410 tani tashkil etadi. 2026-yilgacha esa bu koʻrsatkichni 1 ming 363 taga yetkazish koʻzda tutilgan. Bu haqda Transport vaziri oʻrinbosari Murod Obidov maʼlum qildi.

 

“Toshkentda 400 kilometrdan ortiq magistral yoʻllar bor. Mazkur yoʻllarda endilikda avtobuslar uchun ustuvorlikni taʼminlaydigan tizim joriy etilib, dastlab 12 metrli, yoʻlovchi oqimi oshganidan keyin 18 metrli avtobuslar olib kelinadi. Hammasi toʻgʻri kelgach, undan keyin navbatdagi transport turini rejalashtirish boshlanadi. Bu tramvay boʻlishi ham mumkin.

 

18 metrli avtobus 120-130 nafargacha yoʻlovchilarni sigʻdirolsa, ayni vaqt joriy etiladigan tramvay loyihasi ichida 280 ta yoʻlovchini olish quvvatiga ega tramvay tizimi koʻrib chiqilmoqda. Bu 3 yoki 5 seksionga ega katta hajmdagi tramvay boʻlib, uni loyihalashtirish, qurish va joriy etish juda uzoq muddatni talab qiladi. Hozir bu toʻgʻrisida gapirishimiz barvaqt deb hisoblayman, chunki dastlab asosiy magistral yoʻllarimizda hech boʻlmaganda aholi uchun qulay boʻlgan avtobus tizimini yoʻlga qoʻyib olishimiz kerak”, – dedi Murod Obidov.

 

 

Shuningdek, Obidov tramvay masalasiga ham toʻxtalib oʻtgan. Uning aytishicha, tramvayni joriy etish moddiy mablagʻga ham borib taqaladi, chunki bu transport vositasi ancha qimmat turadi.

 

“Masalan, 2 ta tramvay tizimini qurish uchun ketadigan mablagʻga biz 800 ta elektrobus sotib olishimiz mumkin. Bundan tashqari, tramvayni uzluksiz ravishda elektr energiyasi bilan taʼminlash muammosi ham bor. Maʼlumki, Oʻzbekistonda elektr energiya isteʼmolining “pik” davri kechki soat 5-6 lardan keyin boʻlib, oʻsha vaqtdan elektr energiyasi yetishmovchiligi boshlanadi. Tramvay tizimini joriy etadigan boʻlsak, biz doimiy ravishda elektr bilan taʼminlash manbasini yaratib qoʻyishimiz kerak. Bunaqa loyiha ham koʻrib chiqilmoqda, lekin uni yaqin bir yil ichida amalga oshirish juda murakkab”, degan u.

 

Toshkent shahri aholisi 2 mln 900 ming nafarni tashkil etadi. Ammo norasmiy maʼlumotlarga koʻra, haqiqiy raqamlar bundan kattaroq. Poytaxtda transport vositasidan foydalanayotgan aholining 80 foizi, yaʼni 4 mln nafari shaxsiy, qolgan 20 foizi, 2,7 mln nafar inson esa jamoat transportidan foydalanadi.

 

Sentyabrdagi statistikaga koʻra, Toshkentda doimiy roʻyxatdan oʻtgan avtomobillar soni 711 mingtani, qoʻshimcha ravishda har kuni viloyatlardan shaharga kelib-ketuvchi avtomobillar esa 260 mingtani tashkil etadi. Bu jami hisobda ayni vaqt poytaxtda 900 mingtadan ortiq avtotransport harakatlanyapti deganidir.

 

Jurnalist Muhrim Aʼzamxoʻjayevning yozishicha, 1991-yili Toshkent shahar jamoat transportida, metrodan tashqari, 2236 ta avtobus, 527 ta tramvay, 428 ta trolleybus — jami 3191 ta harakatlanuvchi tarkib boʻlgan.

 

“Hozir esa trolleybus yoʻq, tramvay ham yoʻq, avtobuslar soni esa 1991-yilgidan ikki barobar kam. Eng qizigʻi, 1991-yilda Toshkent aholisi 2 million boʻlgan, hozir rasman 3 millionga yaqin, aslida undan ham koʻproq: 1991-yili har ming toshkentlikka 1,5 ta avtobus toʻgʻri kelgan boʻlsa, hozir yarimta ham avtobus yoʻq. Dahshat.

 

Bundan ham dahshati shuki, davlat rosa harakat qilib, 2026-yilgacha mingga yaqin avtobus sotib oladi, lekin bu bilan avtobuslar soni 2001-yilgi koʻrsatkich (1444 ta)ga ham yetmaydi. Axir yangi avtobuslar eskirib ketgan, yoshini yashab boʻlgan avtobuslar oʻrniga olib kelinadi.

 

Yuqoridagi slaydda xursand qiladigan faqat bitta narsa bor — 2023—2025-yillarda Toshkent uchun sotib olinadigan avtobuslarning 53 tasi oʻta katta sigʻimli (garmoshkali) boʻlarkan. Bu yaxshi yangilik, agar amalga oshsa, sensatsiyaga teng bir voqea boʻladi. Lekin 2025-yilgacha... Xudo biladi nima boʻladi”, — deb yozadi jurnalist Telegram kanalida.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//