Jamiyat
Ayrim telegram kanallarida koronavirus mavzusida audioyozuvlar tarqalmoqda va ulardan birida tibbiyot xodimi COVID-19ga chalinish holatlari keskin koʻpayib ketgani, qabulxonalarda oyoq qoʻyishga joy yoʻqligi, hatto yangi blok ochilayotgani, qolaversa, oʻlim koʻrsatkichlari oshib borayotgani haqida gapirgan.
Sogʻliqni saqlash vazirligi mazkur holatga aniqlik kiritganini maʼlum qildi.
Vazirlik matbuot xizmati ovozli xabar egasini topib, u bilan suhbatlashdi.
— Zangiota 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonasida epidemiolog boʻlib ishlayman, — deydi Nilufar Umarova. — Bu ovozli xabarni shu yilning iyun oyi oxirida telegramdagi epidemiolog hamkasblarimiz uchun tor doirada ochilgan guruhda qoldirgandim. Oʻshanda yurtimizda haqiqatan ham pandemiyaning yangi toʻlqini avj ola boshlagan ogʻir pallalar edi. Ammo qanday qilib bu audioyozuv tarqalib ketgani va nega oradan toʻrt oydan ziyod vaqt oʻtib eʼlon qilinganiga oʻzim ham hayronman. Chunki hozir yurtimizda xastalikka chalinish koʻrsatkichlari oʻsha paytdagiga nisbatan ancha pasaygan. Oʻzim ishlayotgan shifoxonadayam kasallanganlar oqimi sezilarli darajada kamaygan.
Vazirlik matbuot xizmati Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi mutasaddilari bilan ham bogʻlangan.
— Iyul-avgust oylarida muassasamizda 2 mingga yaqin bemor davolangan edi, — deydi mazkur shifoxona direktorining oʻrinbosari Hilola Alimova. — Hozir esa 1100 nafar kishini muolaja qilyapmiz. Kuniga 80-90 nafar bemorni qabul qilib, yotqizyapmiz. Koʻrsatkichlar kundan-kun kamaymoqda. Holat stabil.
Statistikaga koʻra, 2021-yil 25-iyun kuni Oʻzbekistonda jami 546 nafar bemorda koronavirus qayd etilgan. Oradan bir oy oʻtib, yaʼni 25-iyul kuni kunlik koʻrsatkichlar jami 731 nafarga yetgan. 26-avgustga kelib esa 846 nafar kishida koronavirus, 353 nafar kishida pnevmoniya aniqlangan.
Maʼlumot uchun: kecha, yaʼni 2-noyabr sanasida mamlakatimizda koronavirus bilan kunlik kasallanish boʻyicha iyun oyidan buyon eng past koʻrsatkich qayd etilib, pnevmoniyaga chalinish holatlari aniqlanmadi. Xastalikni yuqtirganlar soni 272 nafarni tashkil etmoqda. Shundan 58 nafari Toshkent viloyati, 104 nafari Toshkent shahri hissasiga toʻgʻri keladi.
Vazirlik xabariga koʻra, ayni kunda Toshkent shahri va poytaxt viloyatida koronavirusga chalingan bemorlarni davolash uchun faqat Zangiotadagi 1-son va 2-son shifoxonalar faoliyat koʻrsatmoqda.
Jamiyat
Madaniyat
Jamiyat
Jamiyat
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q