Jurnalist gematologiya shifoxonasi yonida bemorlar va ularning yaqinlari uchun vaqtinchalik bepul turarjoy tashkil qildi

Saqlash
22:21 / 31.10.2022 1255 0

Kun.uz jurnalisti A.Zohidov gematologiya shifoxonasi yonida bemorlar va ularning yaqinlari uchun vaqtinchalik bepul turarjoy tashkil qildi. U bu haqida oʻzining feysbuk sahifasida eʼlon qildi.

 

«Toshkentga kelganimdan buyon shifoxonaga kelganlar, ayniqsa, gematologiya markaziga bemor keltirib, majburlikdan darvoza tagida yotganlarga bir boshpana qursam, degan orzu bilan yashardim. Bugun shu orzuning kichik qismiga erishdik. Yaqin ukamiz bilan bir loyihani amalga oshirdik.

 

Chilonzorda yashayman va gematologiya shifoxonasi yonidan koʻp oʻtaman. Yozin-qishin uning darvozasi tagida bolasi haqida bir ogʻiz xabarga mahtal, qayerdan boʻlsa ham dori-darmon yetkazib kelishga tayyor ota-onalar boʻlishadi. Mashinasi bori mashinasida, yoʻqlari shunday yer ustida yotishadi. Haftalab koʻchada yotganlarni bilaman. Imkon borida uyga olib ketardik, yuvinib, bir piyola choy ichib qaytishardi. Kun.uzʼga ishga oʻtganimdan keyin xayriyalar bilan shugʻullana boshladim va muammoning naqadar chuqur ekanligini koʻproq anglab yetdim.

 

Ana shunday muhtojlar uchun bepul boshpana, karvonsaroy-mehmonxona qurish orzuimiz bor edi. Bu orzu hanuz bor, faqat uning debochasi bugun tayyor boʻldi. Shifoxona roʻparasidan ixchamgina xonadon sotib oldik va taʼmirlab, jihozladik. Hozir unda 3 ona-bolani yoki kutayotgan 5-6 kishini birvarakayiga qabul qilish imkoniyati bor. Barchasi bepul!» deb yozadi u.

 

Taʼkidlanishicha, turarjoy bilan birga oziq-ovqatlar ham bepul boʻlishi rejalashtirilgan. Shuningdek, ushbu vaqtinchalik boshpanada oʻrtacha 5-7 kun yashash imkoniyati beriladi va bir nechta talablarga rioya qilish kerak boʻladi:

 

1. Xonadonda faqat shifoxonaga kelganlar doimiy boshpana topguncha yashab turishlari mumkin. Shu bois oʻrtacha 5-7 kun yashash imkoniyati beriladi. Shundan soʻng joyni boshqalarga boʻshatib berish lozim. Bu talabni toʻgʻri tushuninglar, bemorlar shifoxonada 6 oy, 1 yillab davolanishadi. Bir kishiga uzoq vaqtga berib qoʻyib, boshqalarni mosuvo qilish durust emas. Oʻzi bunday bemori borlarga Toshkentga kelgandan keyin eng qiyin payt oʻsha dastlabki 5-7 kun. Zarur hujjatlar soʻraladi, malol kelmasin;

2. Nafaqat tunash, balki imkonimiz qadar bepul yeguliklar bilan taʼminlash niyatidamiz. Faqat u yerda yashayotganlar koʻchada kutayotganlarga ham kelib ovqat tayyorlab olishlariga imkon berishlari zarur. Shuningdek, xonadon toza-ozoda saqlanishiga masʼul belgilanadi;

 

3. Bemorlarning qimmatbaho dori-darmonlari saqlanishi uchun alohida qulflanadigan shkafchalar oʻrnatilgan. Kimningdir nimasidir yoʻqolishi, aralashib ketishining oldini olish yashovchilar zimmasida boʻladi.

 

«Karvonsaroy-mehmonxonada turish istagida boʻlganlar Abror- Zohidov telegrami orqali bogʻlanishlari, bemorlar va ularning yaqinlariga yordam berish, taom keltirish istagida boʻlganlar bevosita xonadonga kelishlari mumkin», deyiladi eʼlonda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//