Hokim oʻrinbosari poytaxt maktablaridagi oʻqituvchilar uchun forma buyurtma berilgani yuzasidan izoh berdi

Saqlash
21:26 / 31.10.2022 2006 0

Toshkent shahar hokimligi poytaxt maktablaridagi oʻqituvchilar uchun bir xil koʻrinishdagi formalarni tayyorlab, yetkazib berish boʻyicha buyurtma bergan. Hokimlikning shu haqdagi hujjati tasviri ijtimoiy tarmoqlarda paydo boʻldi; hujjatda poytaxt hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Durdona Rahimovaning imzosini koʻrish mumkin.

 

Unga koʻra, hokimlik har birining tarkibida koʻylak, yubka, galstuk, jaket (nimcha) va kofta boʻlgan 1200 komplekt (toʻplam) formaga buyurtma bergan. Buning uchun shahar maʼmuriyati tomonidan 1,5 mlrd soʻm ajratilgan (bir toʻplam narxi 1,25 mln soʻm).

 

 

Toshkent shahar hokimi oʻrinbosari Durdona Rahimovaning “Gazeta.uz”ga maʼlum qilishicha, Toshkentdagi maktab oʻqituvchilari uchun forma joriy etish tashabbusi poytaxt hokimligining oʻzidan chiqqan. Bu tashabbusni amalga oshirishdan avval biror davlat tajribasi oʻrganilmagan va bunday maqsad ham yoʻq.

 

«Hamma kasb egalarining oʻz sharafli formasi bor, koʻrgan odam ularning qay sohada ishlashini bir qarashda biladi. Formani yoʻlga qoʻyishdan maqsad jamoat joylarida oʻqituvchilarning obroʻsini oshirish, yosh avlodda ularga nisbatan hurmat tuygʻusini shakllantirishdan iborat. Maktab direktorlari baribir pedagoglarga forma kiydirtiradi, har bir oʻqituvchi 2 mln soʻmgacha boʻlgan narxlarda forma sotib oladi. Hozir qay bir maktabga bormang, oʻqituvchilar ustida turli rangdagi kostyumlar, koftalarni koʻrasiz. Biz esa hamma pedagoglar bir xil formada boʻlishini istab, shu tashabbus bilan chiqdik», — dedi u.

 

Uning aytishicha, formani yoʻlga qoʻyishdan oldin maktab direktorlari va oʻqituvchilarning fikri oʻrganilgan, takliflari eshitilgan.

 

“Bu forma majburiy emas. Buni oʻqituvchilarga yordam sifatida koʻrish mumkin. Ular orasidagi eʼtiborga muhtojlariga, qisman boʻlsada, koʻmaklashmoqchimiz. Misol uchun, biror oʻqituvchi bir yoki ikki nafar farzandini shartnoma asosida oliy oʻquv yurtida oʻqitayotgan boʻlsa, oʻzi uchun forma xarid qilishda qiynaladi. Shu nuqtayi nazardan ham shunday pedagoglarga yordam berish maqsad qilingan”, – dedi hokim oʻrinbosari.

 

Durdona Rahimovaning soʻzlariga koʻra, bu amaliyot yangi emas – 2022-yil bahorida ham 3 ming nafar oʻqituvchiga forma xarid qilinib, tarqatilgan.

 

 

 

“Oʻsha formalarni ham shahar hokimligi xarid qilib, bepul tarqatgan. Pedagoglar hozirgacha xursand boʻlib, kiymoqda. Boshqa oʻqituvchilarga ham bosqichma-bosqich olib beryapmiz. Shu jarayonning davomi sifatida 1 200 nafar oʻqituvchiga forma sotib olish koʻzda tutilgan. Bitta pedagog formasining narxi 1,25 mln soʻm deyilgan, ammo bu eng yuqori narx. Oʻqituvchilar bozordan yubka, kofta va boshqalarni olaman desa, ancha qimmatga tushadi. Biz esa ularga mahalliy byudjetning ortib qolgan qismidan ajratilgan mablagʻga forma xarid qilib, bepul tarqatyapmiz”, — dedi u.

 

Toshkent shahar hokimi oʻrinbosarining maʼlum qilishicha, hozirda poytaxtda 317 ta umumtaʼlim maktabi boʻlib, ularda 23 ming nafar pedagog faoliyat yuritadi.

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//