Iqtisod
Markaziy bank asosiy stavkani yillik 15 foiz darajasida oʻzgarishsiz qoldirdi. Bu haqda Makaziy bank xabar berdi.
“Yil oxirigacha tashqi iqtisodiy muhitdagi noaniqliklar, global inflyatsion jarayonlar, yuqori ichki iqtisodiy faollik va mavsumiylikning isteʼmol narxlariga oshiruvchi taʼsiri bilan bogʻliq inflyatsion xatarlar saqlanib qolinmoqda. Mazkur xatarlarni inobatga olib, asosiy stavkani yillik 15 foiz darajasida saqlab qolish boʻyicha qaror qabul qilindi”, - deyiladi xabarda.
Taʼkidlanishicha, yuqori noaniqliklar sharoitida yil yakuni boʻyicha inflyatsiya darajasi 12-12,5 foiz atrofida shakllanishi hamda 2023-yil uchun esa bazaviy ssenariy doirasida 8,5-9,5 foizgacha pasayishi prognoz qilinmoqda.
Qayd etilishicha, jahon bozorlarida asosiy oziq-ovqat mahsulotlari, xomashyolar va energiya resurslari narxining ortishi fonida joriy yilning uchinchi choragida ham global inflyatsiya oʻsishda davom etmoqda.
Inflyatsion jarayonlarni jilovlash maqsadida aksariyat markaziy banklar tomonidan pul-kredit sharoitlarining qatʼiylashtirilishi va mos ravishda moliyaviy resurslar narxining qimmatlashib borishi kuzatilmoqda. Xususan, AQSH Federal zaxira banki tomonidan pul-kredit sharoitlarining qatʼiylashtirilishi hisobiga dunyoning aksariyat valyutalari AQSH dollariga nisbatan qadrsizlanib bormoqda.
Bu esa, isteʼmolda import ulushi yuqori boʻlgan va inflyatsion kutilmalari valyuta kursiga taʼsirchan davlatlarda inflyatsion jarayonlarning yanada tezlashishiga olib kelmoqda.
Tashqi vaziyat va savdo hamkorlardagi oʻzgarishlarga tashqi iqtisodiy munosabatlarning moslashib borishi hisobiga mamlakatimizga valyuta oqimlari hajmida ijobiy tendensiyalar kuzatilmoqda.
Jumladan, joriy yilning oʻtgan 9 oyida oltinsiz eksport hajmi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 23,6 foizga ortib – 11,1 mlrd. dollarni, mamlakatimizga pul oʻtkazmalari hajmi 2,2 barobarga ortib – 12,6 mlrd dollarni, aholining banklardan valyuta xaridi va sotuvi oʻrtasidagi ijobiy tafovut – 2,5 mlrd. dollarni tashkil etdi.
Tashqi va ichki iqtisodiy sharoitlar taʼsirida yuzaga keladigan inflyatsion omillar va xatarlar sinchkovlik bilan oʻrganilib, ularni bartaraf etish boʻyicha tegishli choralar koʻrib boriladi, deyiladi xabarda.
Maʼlumot uchun, asosiy stavkani koʻrib chiqish boʻyicha Markaziy bank boshqaruvining navbatdagi yigʻilishi 2022-yil 15-dekabr kuniga belgilangan.
Jamiyat
Madaniyat
Jamiyat
Jamiyat
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q