Prezident tibbiyot xodimlari bilan videoselektor oʻtkazmoqda

Saqlash
22:36 / 26.10.2022 1259 0

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida Prezident raisligida sogʻliqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yigʻilishi boshlandi.

 

Yigʻilish avvalida davlatimiz rahbari barcha shifokor va hamshiralarni, feldsher va sanitarlarni yaqinlashib kelayotgan Tibbiyot xodimlari kuni bilan tabrikladi.

 

“Xabaringiz bor, joriy yil mart oyida sizlar bilan ochiq muloqot oʻtkazib, barcha masalalarni ochiq-oydin muhokama qilgan edik. 

 

Bugungi yigʻilishimizni ana shu ochiq muloqotning mantiqiy davomi, desak, bu ham toʻgʻri boʻladi”, dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.

 

Prezident tibbiyot sohasidagi eng ustuvor vazifalardan biri malakali tibbiy xizmatlarning har bir xonadonga kirib borishini taʼminlashdan iboratligini taʼkidladi va erishilgan natijalar haqida soʻz yuritdi.

 

Jumladan, joriy yilda yangi 106 ta oilaviy shifokor punkti va poliklinikalar, mingta mahalla tibbiyot punkti tashkil etildi. Bu orqali 3,5 million aholiga birlamchi tibbiy xizmat yaqinlashtirildi.

 

Ishlar samaradorligini yanada oshirish maqsadida ilgʻor xorijiy tajribalar asosida aholining kafolatlangan bepul tibbiy xizmatga boʻlgan ehtiyoj balansi ishlab chiqildi.

 

Oilaviy shifokorlar tomonidan bepul tarqatiladigan dorilar 45 turdan 70 turga yetkazildi. Bunga ajratilayotgan mablagʻlar hajmi esa oʻtgan yilga nisbatan 3 baravar oshirildi (188 milliard soʻmdan 540 milliard soʻmga).

 

Shuningdek, 820 ta birlamchi tibbiyot muassasasiga UZI va EKG uskunalari yetkazib berildi. 

 

 

Oilaviy poliklinikalarda 19,5 mingta kunduzgi shifo oʻrinlari tashkil etildi.

 

Buning natijasida 740 ming aholiga shifoxonaga bormasdan, mahallaning oʻzida davolanish imkoniyati yaratildi.

 

Tibbiyot xodimlari oyligi 30 foizgacha oshirildi. Shuningdek, shifokorlarga ish samaradorligi va natijasiga qarab tabaqalashtirilgan ragʻbatlantirish va ustama toʻlovlari joriy etildi.

 

Umuman, joriy yilda tibbiyotga 28 trillion soʻm ajratilmoqda va bu oʻtgan yilga nisbatan 1,3 baravar koʻp.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//