Tadqiqot: Uyqusizlik surunkali kasalliklar rivojlanish xavfini 20 foizga oshiradi

Saqlash
16:04 / 26.10.2022 1053 0

Buyuk Britaniya olimlari tomonidan olib borilgan ilmiy tadqiqot natijalari koʻpchilik uchun qiziq boʻldi. Xulosa qilinishicha, agar odam sutka davomida besh soatdan kam uxlasa, unda surunkali kasalliklar rivojlanish xavfi 20 foizga oshadi. Uyqusizlik asoratlari, ayniqsa, oʻrta va keksa yoshli insonlar salomatligiga koʻproq xavf soladi.

 

Maʼlumotlarga koʻra, hozir dunyoda bir paytning oʻzida bir nechta surunkali xastaliklardan aziyat chekayotgan bemorlar soni tez surʼatlar bilan oʻsmoqda. Ayniqsa, keksalarning yarmidan koʻpi ikki yoki undan ortiq yondosh kasalliklarga ega.

 

“Bu holat uyqu davomiyligi qisqarishi bilan qisman bogʻliq, — deydi tadqiqot mualliflaridan biri Severin Sabia. — Chunki miya hujayralari uyqu paytida oʻz DNKlarini tiklash bilan mashgʻul boʻladi. Shu bois tunda toʻyib uxlamagan kishilar sogʻligʻida bora-bora jiddiy muammolar yuzaga kelishi mumkin”.

 

Tadqiqot davomida 50 yoshdan 70 yoshgacha boʻlgan yetti ming nafar ishtirokchining salomatligidagi oʻzgarishlar kuzatib borildi. Aniqlanishicha, kuniga besh soatdan kam uxlaganlarning betob boʻlish ehtimoli koʻproq.

 

Yaʼni ularda surunkali kasallikka chalinish xavfi taxminan 20 foizga oshgan. Shundoq ham biror xastalikdan ogʻriydigan insonlarda esa yuqoridagi koʻrsatkich 30-40 foizgacha yetgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//