“Andijonlik kelin” ishi yakunlanmadi. Unga nisbatan jinoiy ish ochilgan

Saqlash
14:29 / 03.11.2021 1132 0

Bundan bir necha oy muqaddam Andijon viloyatida yashovchi yosh kelinchakning besh kishi tomonidan zo‘rlangani haqdagi xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilingandi. Kelinning yaqinlari aybdorlar jazolanishini so‘rab murojaat bilan chiqqan edi.

 

Bu ishni Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, shuningdek, jinoyat ishini ichki ishlar vaziri shaxsan nazoratga olgandi.

 

Ammo Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati sud-tibbiy ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, jabrlanuvchining badanida zo‘rlik alomatlari bilan bog‘liq tan jarohatlari mavjud emasligi, 13-14 haftalik homilador ekani va homilasi rivojlanayotgani aniqlangan.

 

Tergov harakatlari davomida to‘plangan inkor qilib bo‘lmas dalillarga asosan kelinchak O.O.ning zo‘rlangani to‘g‘risidagi vajlari o‘z tasdig‘ini topmagan. 

 

Jabrlanuvchi ayol O.O. yaqin qarindoshlari va himoyachisi ishtirokida so‘roq qilinganida, uni hech kim zo‘rlab nomusiga tegmaganini, qaynonasi moddiy manfaatdor bo‘lish evaziga uni zo‘rlab nomusiga tekkani haqida ariza va ko‘rsatma berishga majbur qilganini, agarda ushbu ko‘rsatmani bermasa eri bilan birga yashattirmasdan, ajratib yuborishini aytgani sababli, ilojsizlikdan yolg‘on ko‘rsatma berganini ma’lum qilgan.

 

Shu munosabat bilan zo‘rlaganlikda ayblangan erkaklar jabrlanuvchi va fuqaroviy da’vogar deb e’tirof etilgan. Qaynona va qaynota ogohlantirilgan, qaynaka hamda qaynopa esa jarimaga tortilgan.

 

Viloyat prokuraturasi ma’lumotlariga ko‘ra, O.O.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 139-moddasi 3-qismi (nashr qilish yoki boshqacha usulda ko‘paytirilgan matnda yoxud ommaviy axborot vositalari orqali; og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyat sodir etishda ayblab; og‘ir oqibatlar kelib chiqishiga sabab bo‘lgan holda; g‘arazgo‘ylik yoki boshqa past niyatlarda qilingan tuhmat) bandlari va boshqa moddalari bilan ayblov e’lon qilinib, «shaxsiy kafillik» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

 

Qayd etish lozim, Jinoyat kodeksining 139-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan besh yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatdan to‘rt yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi. Andijon viloyat sudi hozircha bu borada aniq ma’lumot berganicha yo‘q.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//