Shavkat Mirziyoyev oʻqituvchi va shifokorlarning ish haqini oshirishni taklif qildi

Saqlash
14:36 / 02.11.2021 1546 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida 2022-yil uchun soliq tushumlari hamda byudjet parametrlari yuzasidan yigʻilish oʻtkazildi.

 

Davlat rahbari mamlakatimizda inson qadrini ulugʻlash, odamlar hayotini yaxshilash bosh maqsad etib belgilangani, bu tamoyillar byudjetni shakllantirishda ham bosh mezon boʻlishi zarurligini taʼkidladi.

 

Shu bois kelgusi yilga moʻljallangan davlat byudjeti loyihasida, avvalo, ijtimoiy yoʻnalishlarga katta eʼtibor qaratilgan. Xususan, taʼlim va tibbiyot tizimiga 58 trillion soʻm ajratilishi koʻzda tutilgan.

 

Prezident bu mablagʻga qoʻshimcha tarzda yana 12 trillion soʻm ajratish taklifini bildirdi. Chunki hududlardagi ehtiyoj va aholi talabidan kelib chiqib, kelgusi yilda 55 ta yangi dastur amalga oshirilishi belgilangan.

 

Tibbiyotning birlamchi boʻgʻinini rivojlantirish hamda hududlarda yuqori texnologik tibbiy xizmatlarni joriy etishga kelgusi yilda jami 8 trillion soʻm ajratilishi moʻljallanmoqda. Shundan 1 trillion soʻmi onkogematologiya, endokrinologiya, buyrak va jigarni koʻchirish kabi dasturlarga yoʻnaltiriladi. Koronavirusga qarshi emlanganlar sonini 17 million nafarga yetkazish, ehtiyojmand aholiga ixtisoslashgan tibbiy xizmatlar uchun ham zarur mablagʻ ajratiladi.

 

Prezident muallim va shifokorlarning oylik ish haqini bosqichma-bosqich oshirish zarurligini taʼkidlab, buning uchun qoʻshimcha mablagʻ yoʻnaltirishni taklif qildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//