Shavkat Mirziyoyev Turkmanistonga tashrif buyuradi

Saqlash
20:14 / 17.10.2022 1296 0

Joriy yilning 20-21-oktabr kunlari Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmanistonga tashrif buyuradi.

 

Bu haqda 16-oktabr kuni Turkmaniston Prezidenti raisligida oʻtkazilgan mamlakat vazirlar mahkamasining navbatdagi yigʻilishi chogʻida maʼlum boʻldi.

 

Yigʻilishda vazirlar mahkamasi raisining oʻrinbosari, tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov Oʻzbekiston prezidentining Turkmanistonga 20-21-oktabr kunlariga moʻljallangan rasmiy tashrifiga tayyorgarlik koʻrish borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida axborot berdi. 

 

“Mustaqil betaraf vatanimiz tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri qoʻshni davlatlar bilan samarali aloqalarni mustahkamlash va kengaytirishdan iborat. Ular orasida Turkmaniston bilan keng koʻlamli sohalarda oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirayotgan Oʻzbekiston ham bor. Oʻzbekiston tomoni bilan birgalikda tashrif dasturi loyihasi tayyorlanib, uning davomida ikki tomonlama hujjatlar toʻplami imzolanishi koʻzda tutilgan”, — deyiladi xabarda. 

 

Hisobot yakunlari boʻyicha Serdar Berdimuhamedov ikki xalqning tarixiy rishtalari va umumiy maʼnaviy-madaniy qadriyatlariga asoslangan Turkmaniston-Oʻzbekiston munosabatlaridagi oʻzaro doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik xarakterini taʼkidladi. Asrlar davomida shakllanib kelgan bu ezgu anʼanalar zamonaviy davrda ham oʻz mazmunini muttasil boyitib, munosib davom ettirilayotgani taʼkidlandi.

 

Ikki tomonlama formatda samarali hamkorlikni rivojlantirayotgan Turkmaniston va Oʻzbekiston bir-birini qoʻllab-quvvatlab, BMT va boshqa nufuzli xalqaro hamda mintaqaviy tashkilotlar doirasida koʻp tomonlama asosda konstruktiv hamkorlik qilmoqda. Oliy, hukumat va idoralar darajasidagi muntazam aloqalar davlatlararo hamkorlikni har tomonlama mustahkamlash, uning salohiyatini samarali roʻyobga chiqarishga xizmat qilmoqda. 

 

Shu munosabat bilan Turkmaniston rahbari bosh vazir oʻrinbosari, Tashqi ishlar vazirligi rahbariga Oʻzbekiston Prezidentining mamlakatga boʻlajak rasmiy tashrifi va uning doirasida rejalashtirilgan tadbirlarni yuqori tashkiliy saviyada oʻtishni taʼminlash boʻyicha topshiriq berdi. U strategik xususiyatga ega boʻlgan oʻzaro manfaatli Turkmaniston-Oʻzbekiston hamkorligini yanada rivojlantirishga qaratilgan navbatdagi oliy darajadagi muzokaralarning ahamiyatini qayd etdi. 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//