“Tez yordam”da yolgʻon chaqiriqlar soni 2 barobar kamaydi

Saqlash
20:06 / 17.10.2022 1262 0

Tez tibbiy yordam xizmati faoliyatiga salbiy taʼsir etuvchi omillar koʻp. Ayniqsa, yolgʻon chaqiriqlar sababli aksariyat hollarda tibbiyot brigadalari chaqiriq manziliga oʻz vaqtida yetib bora olmaydi. Oqibatda shifokorlar haqiqiy yordamga muhtoj bemorlar qolib, yolgʻon qoʻngʻiroq egasi va uning manzilini aniqlashtirish bilan ovora boʻladi. Bu esa ogʻir bemorlar hayotini xavf ostiga qoʻyishi aniq.

 

– Sohadagi ijobiy oʻzgarishlar natijasida soʻnggi yillarda “Tez yordam” xizmati faoliyatida yolgʻon va asossiz chaqiriqlar soni anchagina kamaydi, – deydi Respublika tez tibbiy yordam markazining Tez tibbiy yordam xizmatini muvofiqlashtiruvchi dispetcherlik markazi rahbari Davlatbek Yuldashev. – Bu esa yurtdoshlarimizning tibbiy savodxonligi, shaxsiy masʼuliyati ortib borayotganidan dalolat.

 

Raqamlarni tahlil qilsak, 2022-yilning 9 oyida “103” xizmatiga jami 4 ming 452 ta yolgʻon chaqiriq kelib tushdi. Quvonarlisi, mazkur koʻrsatkichni oʻtgan yilning ayni shu davri bilan taqqoslasak, asossiz murojaatlar soni 2 barobarga kamayganini koʻrish mumkin. Yaʼni, 2021-yilning yanvar-sentyabr oylarida bunday chaqiriqlar soni 8 ming 27 tani tashkil qilgan edi.

 

Ammo ayrim hududlarda hamon yolgʻon murojaatlar soni yuqoriligicha qolmoqda.

 

Tahlillar shuni koʻrsatadiki, joriy yilning oʻtgan toʻqqiz oyi davomida eng koʻp bunday chaqiriq Toshkent viloyatida qayd etilib, mazkur raqam 1 ming 208 tani tashkil etdi. Keyingi oʻrinda 590 ta chaqiriq bilan Qashqadaryo viloyati joylashgan. Shuningdek, Fargʻona viloyatidan 587 ta ana shunday murojaat kelib tushgan.

 

Maʼlumot oʻrnida aytish kerak, 2022-yilning 6 oyida Respublika tez tibbiy yordam xizmatiga kelib tushgan 2727 ta murojaat yolgʻon chaqiriq deb baholangan edi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//