Oʻzbekistonlik talabalarning Prezidentga murojaatidan soʻng oʻrganish ishlari boshlandi

Saqlash
16:01 / 12.10.2022 782 0

11-oktabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Kursk viloyatida tahsil oluvchi bir guruh oʻzbekistonlik talabalarning Shavkat Mirziyoyevga murojaat yoʻllagan videosi tarqaldi.

 

Ularning soʻzlariga koʻra, Rossiyaning Kursk viloyati Ukrainaning Sumi shahri bilan chegaradosh hisoblanganligi bois, “maxsus operatsiya”ning taʼsiri talabalar oʻqiyotgan hududga ham sezilmoqda.

 

“Tyotkino [aholiya yashash punktiga] kunda va kun ora snaryadlar kelib tushmoqda. Undan yomoni, bizdan 30 km uzoqda joylashgan Kursk atom stansiyasiga shu paytgacha 3-marta terakt sodir etildi. Qoʻshni Belgorodda axolining asosiy qismi evakuatsiya qilinib, oʻqishlar onlayn tarzga oʻtkazildi”, – deydi talabalardan biri.

 

Shuningdek, joriy yilning mart oyida, hali vaziyat barqaror boʻlgan paytda Qozogʻiston talabalarining oʻqishlarini oʻz davlatiga koʻchirib olib ketganini ham aytib oʻtdi.

 

“Hurmatli Shavkat Mirziyoyev, bizni oʻqishimizni Oʻzbekistondagi tibbiyot oliygohlariga koʻchirishingizni iltimos qilamiz”, – deyiladi murojaat soʻnggida.

 

Holat yuzasidan Tashqi ishlar vazirligi munosabat bildirib, Oʻzbekistonning Rossiyadagi elchixonasi diplomatlari vaziyatni oʻrganish va mavjud muammolarni hal qilish maqsadida Kursk viloyatiga joʻnab ketganini maʼlum qildi. Uning natijalari toʻgʻrisida qoʻshimcha xabar berilishi aytildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//