Jannat guli – omonat

Saqlash
19:54 / 07.10.2022 982 0

Ijtimoiy tarmoqda murgʻak, begunoh, kattalarning himoyasiga butun borligʻi bilan muhtoj bolajonlardan yana birining fojiali oʻlimi sababi yoritildi: “2022-yil 25-sentyabr kuni Urgut tumani Etakbeshkapa mahallasidagi toʻyxonaga otasi bilan kelgan toʻrt yoshli bolakay yoʻqolib qolgan. Voqeadan bir necha kun oʻtib, bola aynan toʻyxona hovlisidagi quduqdan topilgan”.

 

“Yana” deyishim sababini koʻpchilik anglab turibdi, chunki soʻnggi uch oyda beshta MTTda turli sabablar bilan bolalar oʻlimi qayd etildi: Fargʻonada 4 yoshli bola suvga choʻkib, Shahrisabzda 8 yoshli qizaloq badaniga shisha siniqlari kirishi tufayli koʻp qon yoʻqotib, Namanganda 5 yoshli bola tilini chaynab hayotdan koʻz yumdi...

 

Bu qaygʻuli xabarlarning har birini oʻqiganda bir qator qarindosh, qoʻshni, qadrdon buvijonlar, onajonimning gap-soʻzlari, oʻgitlari, talablari, jonkuyarliklari “lop” etib koʻzimdan, koʻnglimdan oʻtdi. Onam yosh bolani toʻyga, koʻpchilik toʻplanadigan marosimlarga, bozorga olib borishga hech ruxsat bermasdilar. “Bu goʻdak hali toʻyni biladimi? Uning qornini vaqtida toʻydirib, vaqtida uxlatish kerak. Bozorda bolani qiynab nima qilasan?”derdilar yosh onalarga.

 

Qoʻshnimiz Zebixon buvi doim nevaralarini qoʻriqlab yurishidan baʼzilar kulishardi: “Boshqa ishingiz yoʻqmi?”. “Bolamdan ham zarilroq ish bormi?” – oʻrnida javob qaytarardilar buvi. Yon qoʻshnimiz, bir etak farzandning onasi Muazzamxon kennoyi baʼzi-baʼzida eri uyda boʻlgan kuni faqat onalarini birrov koʻrib kelardilar, xolos. Mehmondorchilikka, turli yigʻinlarga taklif qilganlarga: “Rahmat. Bolalar yosh, tashlab ketishim qiyinroq-da”, deb uzrlarini aytardilar.

 

Rahmatli bu ayollarning barchasidan ota-onasiga rahmat keltirgan oʻgʻil-qizlar qoldi. Eslaganim bu muhtarama insonlar bolasevar, bolaparvar, jannat gullari boʻlgan farzandlar Allohning oʻzlariga topshirilgan omonati ekanini anglab, onalik masʼuliyatiga sidqu sadoqat bilan yashagan momolar, momokalonlarimizning merosxoʻrlari, vakillari.

 

“Farzand dogʻi ota-onaning suyagida, jonida ketadi”, deydi keksalar. Gʻunchaligida umri qirqilgan bolajonlarning oʻlimiga sabab voqealar tegishli idoralar xodimlari tomonidan oʻrganiladi, aybdorlar jazo oladi, lekin... koʻrilgan choralarning birortasi jigarbandidan befavqt judo boʻlgan ota va, ayniqsa, onaning koʻksidagi oʻtni oʻchira oladimi, alam va achchiq dardiga malham boʻldimi? Yoʻq! Mana shu haqiqatni boshimizga bir musibat tushgandan keyin emas, har kuni, har qanday vaziyatda eʼtirof etib, hushyor tortmasak boʻlmaydi.

 

Ana shundagina ona bolaning taqdirini bolaga, oʻzining tashvishi boshidan ortib yotgan qarindoshu qoʻshniga, sinab-sinalmagan odamlarga topshirmaydi; shundagina ona betob bolasini (oʻzi bilib-bilmagan dorini ichirib qoʻyib) bogʻcha opaga tashlab ketmaydi; shundagina ona bolani har xil nazarlarga nishon qilib, sanitariya-gigiyena talabalariga javob bermaydigan joylarda olib yurmaydi.

 

Gap-gashtaklar, ijtimoiy tarmoqlardagi bahsu shakarguftorliklar, har xil koʻngilochar davralardan koʻra dilbandining yuz-koʻzlariga xotirjam nazar solib oʻtirishni, kuch-quvvati va mehrining qaymogʻini bolasiga berishni afzal koʻradi. Bola bilan birga ulgʻayadi, chin muhabbatu ixlos bilan dunyoga va oʻziga muhabbatli bola dunyosini ulgʻaytiradi.

 

Kimlar qoʻshilar, kimlar qoʻshilmas, lekin har doim takrorlagim, taʼkidlagim keladi: bolaning taqdiri, hayoti qanday kechishiga birinchi navbatda ota-onasi sababchi boʻladi.

 

Muhtarama ULUGʻOVA

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//