Toshkentdagi xalqaro festivalga Nobel mukofoti sovrindori kelishi kutilmoqda

Saqlash
16:04 / 01.11.2021 986 0

 “Yuksak texnologiyalar va innovatsiyalar sari” shiori ostida tashkil etilayotgan navbatdagi xalqaro anjuman 24–27-noyabr kunlari ilk bor Toshkent shahrida o‘tkaziladi.

Festival O‘zbekiston Innovatsiya Vazirligi bilan hamkorlikda xalqaro “Innovek” haftaligi doirasida tashkil etiladi. 11–16 yoshdagi ishtirokchilar uch kun davomida vazirlik tasarrufidagi “Texnopark” markazida o‘z ixtirolarini namoyish qiladi. Nobel mukofoti sovrindori Aziz Sanjar festival mehmoni sifatida tashrif buyurishi kutilmoqda.

Kuni kecha TDBV (Turk dunyosi bolalari vaqfi) loyiha koordinatori, Turkiya jumhuriyati Milliy ta’lim vazirligi bo‘lim mudiri professor Ibrohim Erdog‘an yurtimizga kelib, tayyorgarlik jarayonlari bilan tanishdi.  

 “Turk dunyosi iqtidorlarini yurtimizda jam qilish uchun qattiq harakat qildik. Chunki unga shunchaki bolalar emas, bo‘lajak Abu Rayhon Beruniy, Ibn Rushdiy, al-Farobiy, Ahmad al-Farg‘oniy, Mirzo Ulug‘bek, Ali Qushchi, Kotib Chelebiylar o‘n olti o‘lkadan qirqdan ortiq loyihalari bilan tashrif buyuradi”, deydi tadbirning loyiha yo‘naltiruvchisi Muazzam Ibrohimova.

Festival Turk dunyosi bolalari vaqfi tomonidan 2016-yildan buyon o‘tkazib kelinmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//