Toshkentda gul bogʻi tashkil etiladi

Saqlash
17:30 / 06.10.2022 606 0

Vazirlar Mahkamasining “Toshkent shahrida zamonaviy gul bogʻini tashkil etish ishlarini jadallashtirish choralari toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi eʼlon qilindi.

 

Prezident qaroriga muvofiq madaniyat va sanʼat sohasida davlat-xususiy sheriklik shakllari hamda tashabbuskorlarni tanlov asosida aniqlash joriy etilgan. Vazirlar Mahkamasi qaroriga muvofiq Toshkent shahri har bir tumanida attraksionlardan holi boʻlgan kichik istirohat bogʻlarini barpo etish belgilangan.

 

Toshkent shahar, Yunusobod tumanidagi 6,0 gektar yer maydonida joylashgan sobiq Astronomiya parki oʻrnida tashabbuskor tadbirkorlarni jalb qilgan holda zamonaviy gul bogʻini tashkil etish boʻyicha loyiha taklifi ishlab chiqilib, maʼqullangan.

 

Toshkent shahar hokimligi, Madaniyat vazirligi, Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligining Yunusobod tumani, Astronomiya koʻchasidagi 6,0 gektar yer maydonida joylashgan sobiq Astronomiya va aeronavtika bogʻi oʻrnida zamonaviy gul bogʻi barpo etish loyihasini amalga oshirish maqsadida tadbirkorlik subyektlarini ochiq tanlov oʻtkazish asosida aniqlab, jalb qilish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullanadi.

 

Belgilanishicha:

 

a) gul bogʻi hududi ochiq tanlov gʻolibiga gul bogʻini barpo etish va saqlash majburiyatlarini oʻz mablagʻlari hisobidan amalga oshirish shartlarida 30 yil muddatga ijaraga beriladi;

 

ochiq tanlov oʻtkazishda davlat sherigi etib – Toshkent shahar hokimligi belgilanadi;

 

b) gul bogʻini tashkil etish boʻyicha tanlov shartlari etib:

 

dunyo ilgʻor tajribalari asosida zamonaviy gul bogʻini barpo etish boʻyicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqib, qurilish va obodonlashtirish ishlarini oʻz mablagʻlari va jalb qilingan mablagʻlar hisobidan amalga oshirib, 2023-yil 2-choragida tugallash;

 

tematik parklarni qurish va saqlash hamda xizmat koʻrsatish boʻyicha ilgʻor xorijiy va mahalliy tajribani joriy etish orqali gul bogʻini ommalashtirish va aholini hamda mehmonlarni keng jalb qilish boʻyicha aniq marketing rejalarini taqdim etish;

 

v) ijara shartnomasi muddati tugaganidan soʻng, investitsiya loyihasi doirasida barpo etilgan zamonaviy gul bogʻi obyektini normal eskirishini inobatga olgan holda davlat sherigiga begʻaraz asosda topshiriladi.

 

Toshkent shahar hokimligi:

 

gul bogʻi hududini hatlovdan oʻtkazib, xususiy mulklar mavjud boʻlgan taqdirda mavjud turar va noturar joy obyektlarini mulkdorlar bilan ochiq muhokamani tashkil etib, yer maydonlarini oʻrnatilgan tartibda kompensatsiya toʻlovlarini qoplab bergan holda belgilangan tartibda hokimlik zaxirasiga olib, davlat roʻyxatidan oʻtkazadi.

 

Qurilish vazirligi bilan Yunusobod tumani, Astronomiya koʻchasida zamonaviy gul bogʻi tashkil etilishi rejalashtirilgan hudud chegarasini aniqlab, tasdiqlaydi;

 

Kadastr agentligi bilan buyurtmaga asosan yer uchastkasini ajratish materiallari tayyorlab, zamonaviy gul bogʻini barpo etish uchun ajratadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//