Ilm-fan
Prezident “Namangan toʻqimachilik sanoati institutini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarorni imzoladi.
Namangan shahrida Namangan toʻqimachilik sanoati instituti tashkil etildi. Institutda oʻquv jarayoni 2023/2024 oʻquv yilidan boshlanadi va kredit-modul tizimi asosida tashkil etiladi.
Quyidagilar institutning asosiy vazifalari etib belgilandi:
toʻqimachilik sanoati tarmoqlari uchun mehnat bozorida raqobatbardosh, yuqori malakaga ega oliy maʼlumotli va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash, shuningdek, mutaxassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
taʼlim dasturlarini yetakchi xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari bilan hamkorlikda, jumladan, qoʻshma taʼlim dasturlari asosida joriy etish hamda ilmiy tadqiqotlar olib borish;
taʼlim bilan ishlab chiqarishning integratsiyasini kuchaytirish, soha tashkilotlarida talabalarning malakaviy amaliyotini yoʻlga qoʻyish, kafedra filiallarini hamda professor-oʻqituvchilarning stajirovkasini tashkil etish;
oʻquv jarayonini talabalarda mustaqil bilim olish, tizimli tahlil qilish, ijodiy fikrlash va amaliy, jumladan, tadbirkorlik koʻnikmalarini rivojlantirishga yoʻnaltirish;
oʻquv jarayoniga ilgʻor xorijiy tajribani, jumladan, zamonaviy taʼlim texnologiyalarini tatbiq etish, ochiq axborot-taʼlim muhitini taʼminlash;
ilmiy-pedagogik salohiyatni oshirib borish, jumladan, professor-oʻqituvchilar stajirovkasi va malaka oshirishini nufuzli mahalliy va xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari va ilmiy-tadqiqot markazlarida tashkil etish.
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Prezident taʼlim muassasalari agentligi, “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi va “Oʻzbekiston paxta-toʻqimachilik klasterlari” uyushmasi bilan hamkorlikda:
a) 2023/2024 oʻquv yiliga qadar toʻqimachilik sanoati rivojlangan xorijiy davlatlar oliy taʼlim tashkilotlarini hamkor sifatida belgilab, institut taʼlim jarayonini zamonaviy oʻquv dasturlari asosida tashkil etadi;
b) 2023/2024 oʻquv yilidan boshlab:
institut professor-oʻqituvchilari, doktorantlari va magistrantlarini xorijiy davlatlarning yetakchi oliy taʼlim tashkilotlariga ilmiy stajirovka va malaka oshirishga yuborish choralarini koʻradi;
institut talabalarining tanishuv va malakaviy amaliyotini xorijiy va mahalliy yirik toʻqimachilik korxonalarida oʻtash tizimini joriy etadi;
institut talabalarining fanlarni oʻzlashtirish koʻrsatkichini va professor-oʻqituvchilarning ish samarasini xalqaro standartlar asosida baholash tizimini joriy etadi;
v) 2024/2025 oʻquv yiliga qadar institut huzurida toʻqimachilik texnoparki faoliyatini yoʻlga qoʻyadi. Bunda, Texnopark:
Namangan viloyati hokimligi tomonidan jalb etiladigan xalqaro tashkilotlarning grantlari va salohiyatli investorlar mablagʻlari hisobiga, jumladan, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida tashkil etiladi;
institut taʼsischiligida masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklida tashkil etiladi hamda unga texnologik mahsulotlarni ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish va tijoratlashtirish huquqi beriladi;
xoʻjalik faoliyatidan olinadigan daromadlar, grantlar, homiylik xayriyalari, institutning byudjetdan tashqari mablagʻlari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi;
g) 2026/2027 oʻquv yiliga qadar institutning kamida 2 ta bakalavriat taʼlim yoʻnalishi va 3 ta magistratura mutaxassisligining xalqaro tan olingan tashkilotlar akkreditatsiyasidan oʻtkazilishini taʼminlaydi.
2023/2024 oʻquv yilidan boshlab Namangan muhandislik-texnologiya institutiga toʻqimachilik sanoati boʻyicha bakalavriat va magistratura bosqichlarida kadrlar tayyorlash boʻyicha ajratiladigan davlat buyurtmasi kvotasi institutga yoʻnaltiriladi. Namangan muhandislik-texnologiya institutining toʻqimachilik sanoati taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklar boʻyicha tahsil olayotgan talabalar oʻqishi institutga koʻchiriladi.
Siyosat
Jahon
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q