Aziz Abduhakimov Oʻrta Osiyo restavratorlari qurultoyini tashkil etishni taklif qildi

Saqlash
15:10 / 05.10.2022 586 0

5−6-oktabr kunlari Samarqandda ilk bor “Oʻzbekistonda restavratsiya sanʼatini qayta tiklash madaniy meros va madaniy yodgorliklarni asrashga doir dolzarb masalalar” mavzusida restavratorlar seminari oʻtkazilmoqda.

 

Tadbirda Oʻzbekiston xalqining tarixi va madaniyatini aks ettiruvchi noyob madaniy merosini asrab-avaylashni kuchaytirish, sohani raqamlashtirish, innovatsion rivojlantirish va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, jahon tajribalarini samarali qoʻllash choralarini koʻrib chiqish maqsad qilingan.

 

Seminarni bosh vaziri oʻrinbosari – turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduxakimov ochib berdi.

 

“Tan olish kerak, sohada mutaxassislar yetishmaydi, ayrim hollarda tarixiy obidalarni taʼmirlash, tiklash ishlari madaniy merosni qiymati, qadrini tushunmaydigan shaxslarga topshirilgan. Meʼmorchilik sanʼatining durdonalarini restavratsiya qilaman, taʼmirlayman deb tarixiy, badiiy qiymatiga shikast yetkazgan holatlar ham boʻlgan. Biz ushbu seminar orqali sohadagi kelgusi 10 yillik maqsad va vazifalarni belgilab olish, Oʻzbekiston restavratsiya sanʼatini butun dunyoga tarannum etishni niyat qilib olganmiz”, – dedi Aziz Abduhakimov.

 

Vazir, shuningdek oʻz nutqi davomida yaqin vaqtlar ichida Oʻrta Osiyo restavratorlari qurultoyini tashkil etishni taklif qildi.

 

Mamlakatda hozirgi kunga qadar 8 ming 210 ta moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obekti davlat muhofazasiga olingan. Shundan 4 ming 788 tasi arxeologiya, 2 ming 265 tasi arxitektura obyektlari, 625 tasi monumental sanʼat asarlari, 530 tasi diqqatga sazovor joylar hisoblanadi.

 

Soʻnggi uch yilda 250 dan ortiq madaniy meros obyektlari restavratsiya va konservatsiya qilingan. Mazkur obyektlarga davlat byudjetidan 339 mlrd soʻm mablagʻ sarflangan. Bugungi kunda respublikada 400 dan ortiq usta-restavratorlar bor.

 

Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi “Madaniy meros obyektlari direksiyasi” davlat muassasasining “Buxoro”, “Shahrisabz”, “Samarqand”, “Termiz”, “Qoʻqon”, “Xiva” mintaqaviy restavratsiya markazlari tashkil etilmoqda.

 

Markazlarining asosiy vazifasi madaniy meros obyektlarida ilmiy asoslangan loyihalar asosida taʼmirlash-tiklash va konservatsiyalash ishlarini olib borishdan iborat. Endilikda har bir madaniy meros obyektlarining restavratsiya va konservatsiya ishlari ushbu maktabning ilmiy xulosalari asosida amalga oshiriladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish