Maktabda raqsga tushgan qizlarning ota-onasiga tayinlangan jarima bekor qilindi

Saqlash
15:01 / 03.10.2022 1351 0

Navoiy viloyatining Karmana tumani kasb-hunar maktabining faollar zalida bayramga tayyorgarlik jarayonida voyaga yetmagan oʻquvchi qizlarning raqsga tushgani videosi tarqalgandi. Mazkur video ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab boʻlgach, oʻzbek millatiga munosib boʻlmagan, oʻzbekona urf-odatlarga toʻgʻri kelmaydigan raqsga tushgani uchun qizlarning ota-onasiga Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 47-modda 1-qismi bilan jarima jazosi tayinlangandi.

 

Ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab boʻlgan mazkur videorolik yuzasidan Navoiy viloyat Adliya boshqarmasi munosabat bildirdi.

 

Qayd etilishicha, maʼmuriy huquqbuzarlik deganda maʼmuriy javobgarlikka tortish nazarda tutilgan, shaxsga, fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga, mulkchilikka, davlat va jamoat tartibiga, tabiiy muhitga tajovuz qiluvchi gʻayrihuquqiy harakat yoki harakatsizlik tushuniladi (MJtK, 10-modda).

 

Shuningdek, MJtKning 47-moddasida ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar tomonidan voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga taʼlim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik, shu jumladan voyaga yetmagan bolalarning maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etishiga olib kelishi belgilangan tartibda jarima solishga sabab boʻlishi nazarda tutilgan.

 

“Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ushbu videorolikdagi hatti-harakatlar, xususan, alohida bir holatda qizlar davrasida raqs tushilishi “ota-onalarning bolalarni tarbiyalash va ularga taʼlim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmasligi” deb notoʻgʻri huquqiy kvalifikatsiya qilingan, yaʼni mazkur holatda maʼmuriy huquqbuzarlik tarkibi mavjud emas.

 

Voyaga yetmagan oʻquvchi qizlarning raqs uslublari Oʻzbekiston jamiyatidagi umumtarqalgan maʼnaviy qadriyatlarga toʻla mos kelmasligi mumkin, lekin insonlarning ahloqiy oʻlchamlari va qarashlari qonunlar bilan belgilangan normalardan notoʻgʻri foydalanishga, ayniqsa javobgarlikka tortishga olib kelmasligi lozim”, deyiladi Adliya boshqarmasi munosabatida.

 

Qonunchilikda qaysi harakat yoki harakatsizlik uchun javobgarlik kelib chiqishi, aniq belgilab qoʻyilgani bois, ota-onalarga qoʻllanilgan jarima bekor qilingan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//